Yosh iqtidor egalari uchun mahorat darsi o‘tkazildi
Guliston tumanidagi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan mahorat darsi va ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktabi-internati mutaxassislik fani o‘qituvchisi G‘anisher Normatov hamda uning shogirdlari ishtirokida o‘tkazildi. Mahorat darsi davomida o‘quvchilarga tasviriy san’atning asosiy yo‘nalishlari, ranglar uyg‘unligi, bo‘yoqlar bilan ishlash sirlari hamda badiiy tasavvurni rivojlantirishga oid amaliy ko‘nikmalar berildi.
Tadbirni ochib bergan 2-maktab direktori Lola Karimova mazkur tashabbusning ahamiyatiga to‘xtalib, tashkilotchilar aynan shu ta’lim dargohining sobiq bitiruvchilari ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu kabi uchrashuvlar o‘quvchilar uchun katta ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Mahorat darsi doirasida o‘quvchilarning ijodiy ishlari namoyish etilgan ko‘rgazma ham tashkil etildi. Yoshlar tomonidan yaratilgan asarlar ularning badiiy dunyosi, tasavvuri va izlanishlarini namoyon etdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san’at maktabi-internati direktori, miniatyurachi rassom Bahodir Bobonazarovning ta’kidlashicha, bu kabi mahorat darslari nafaqat bir ta’lim muassasasi doirasida, balki viloyatning turli hududlarida ham muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
– Biz har bir hududga borganimizda bolalarning ko‘zlaridagi qiziqish, ijodga bo‘lgan intilishni ko‘ramiz. Bu esa bizning mehnatimiz samarasi va kelajakka bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi. Shu orqali biz nafaqat san’atni o‘rgatamiz, balki yoshlar qalbida go‘zallikni his etish madaniyatini ham shakllantiramiz, – deydi Bahodir Bobonazarov.
[gallery-29177]
Eng muhimi, bunday amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda kelajakda yetuk rassomlar avlodini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov(surat), O‘zA