Oltiariqda “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida xotira tadbiri o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Vatan uchun jon fido qilgan ajdodlar xotirasini yod etish, faxriylarni e’zozlash hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
“Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi, tuman hokimligi rahbariyati, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasi hurmat bilan yod etildi. Shundan so‘ng yoshlar ishtirokida vatanparvarlik ruhini mustahkamlovchi chiqishlar namoyish etildi.
Muloqotlar davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida Farg‘ona viloyati aholisi frontda ham, front ortida ham yuksak fidoyilik namunasini ko‘rsatgani ta’kidlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdan 150 mingdan ortiq inson frontga safarbar etilgan bo‘lib, ularning 54 mingdan ziyodi halok bo‘lgan. Farg‘onaliklar orqa frontda ham sanoat, tibbiyot va ijtimoiy sohalarda faol ishtirok etib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan.
[gallery-29244]
Shuningdek, Oltiariq tumanining Istiqlol mahallasida joylashgan yodgorlik 1983-yilda barpo etilgani, so‘nggi yillarda esa keng jamoatchilik tashabbusi bilan hudud obodonlashtirilgani qayd etildi. Bu jarayonda mahalliy faol Muhammadali ota Bo‘ymirzayevning tashabbusi va fidoyiligi muhim ahamiyat kasb etgan.
Bugungi kunda Sharqiy harbiy okrug tomonidan hududda harbiy texnika va qurollar maketlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa maskanning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yanada oshirib, uni yoshlar uchun tarbiyaviy va tarixiy ahamiyatga ega ochiq maydonga aylantirmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA