“Adolat”: faollik va yangi bosqich sari
Nukusda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining 2025-yil yakunlari hamda 2026-yilning birinchi choragi bo‘yicha amalga oshirilgan vazifalar yuzasidan hisobot majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, hisobot davri partiya faoliyatida sezilarli faollik va o‘sish sur’ati bilan ajralib turdi. 2025-yil davomida 36 ta yangi boshlang‘ich partiya tashkiloti tashkil etilib, 13 ming 553 nafar fuqaro partiya safiga qabul qilindi. Joriy yilning birinchi choragida esa yana 2 ta yangi boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzilib, 1 ming 314 nafar yangi a’zo partiya safiga qo‘shildi. Bu raqamlar hududlarda partiyaga bo‘lgan ishonch ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

– Biz uchun eng muhim ko‘rsatkich bu raqamlar emas, balki odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlardir. Har bir tashabbusimiz bevosita aholining muammolarini hal etishga xizmat qilishi kerak, – dedi O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Nurlibay Qaypbergenov.

Darhaqiqat partiya tomonidan amalga oshirilgan loyihalar jamiyat hayotining turli sohalarini qamrab oldi. Huquqiy savodxonlikni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ta’lim sifatini yaxshilash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishlarida olib borilgan ishlar natijasida 2025-yilda 1 ming 726 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 38 ming 177 nafar ishtirokchi qamrab olindi.

Ayniqsa, tashabbuslar doirasida “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida tashkil etilgan donorlik aksiyalari keng jamoatchilikni birlashtirdi. Ikki marotaba o‘tkazilgan ushbu aksiyalarda 574 nafar donor ishtirok etdi. Natijada 258,4 litr donorlik qoni jamlandi.
Partiya faoliyatining ochiqligi va jamoatchilik bilan muloqotga alohida e’tibor qaratildi. Amalga oshirilgan ishlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilib, aholining xabardorligi oshirildi. 2026-yilning birinchi choragida ham ushbu ishlar izchil davom ettirilib, 342 ta tadbir orqali 6 ming 372 nafar fuqaro qamrab olindi.

Majlis yakunida eng faol tuman Kengashlari va tashabbuskor rahbarlar munosib e’tirof etildi. Xo‘jayli tumani Kengashi raisi Bazarbay Utambetov partiya Siyosiy Kengashining “Adolat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, 2025-yil yakunlari bo‘yicha Amudaryo, Mo‘ynoq va Qorao‘zak tumanlari kengashlari eng namunali tuman sifatida e’tirof etilib, faxriy yorliq hamda kompyuter jamlanmalari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.