Olot tumanida zamonaviy kutubxona
Buxoro viloyati Olot tumanining “Muxtor” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining ma’naviy kamolotini yuksaltirishga xizmat qiladigan yana bir muhim maskan — zamonaviy kutubxona foydalanishga topshirildi. Ushbu xayrli tashabbus kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish, yoshlarni ilm-fan va ma’rifatga oshno etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlardan biri sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda.
Kutubxonaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, tuman hokimi Nargiza Ne’matova, mahalla faollari, nuroniylar hamda hudud yoshlari ishtirok etdi. Tadbirda kitob va ma’rifatning inson hayotidagi o‘rni, ayniqsa, barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Zamonaviy uslubda barpo etilgan ushbu inshootda bolalar va yoshlar uchun alohida o‘quv zallari, boy kitob fondi, elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlari hamda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan xonalar tashkil etilgan.
— Kutubxona azaldan ilm-ma’rifat o‘chog‘i hisoblanadi. Mahallamiz markazida qad rostlagan ushbu maskan hamkorlikda barpo etildi. Loyiha uchun 650 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, aholiga qulay va barcha talablarga javob beradigan muhit yaratildi, — deydi ushbu tashabbus faollaridan biri, mahalla fuqarosi Shahnoza Navro‘zova.
[gallery-29299]
Tadbirda kutubxonaning ramziy alvon lentasi qirqilib, ishtirokchilar yangi maskandagi shart-sharoitlar va kitob fondi bilan yaqindan tanishdi. Yoshlar bilan o‘tkazilgan samimiy muloqot chog‘ida ilmga chanqoq va faol yigit-qizlar munosib rag‘batlantirildi. Xususan, bir guruh iqtidorli yoshlarga “Ibrat Academy”ning oltin kartochkalari sovg‘a qilindi.
Uchrashuv yakunida esa yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va ularning dunyoqarashini kengaytirish maqsadida olotlik faol o‘g‘il-qizlarga Toshkent shahriga bir haftalik sayohat va dam olish yo‘llanmalari topshirildi. Bu esa yoshlar qalbida unutilmas quvonch va katta motivatsiya uyg‘otdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.