Olmaliq davlat texnika instituti talabalarini qizg‘in bahslar va yorqin g‘alabalar kutmoqda
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda talabalar salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan sport tadbirlari yurtimizda izchil davom etmoqda. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri sifatida Olmaliq davlat texnika institutida “Yangi O‘zbekiston talabalari sport olimpiadasi”ga start berildi.
Olmaliq davlat texnika institutida “Yangi O‘zbekiston talabalari sport olimpiadasi”ning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda shahar hokimligi vakillari, Milliy Olimpiya qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi va MISIS Olmaliq filiali mas’ullari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Institut rektori U.Xoliqulov tadbir ishtirokchilarini tabriklab, talabalarga musobaqalarda muvaffaqiyat tiladi hamda oltita sport turidan iborat bo‘lgan olimpiadaga rasman start berildi.

Bugungi kunda institutda “Turon” sport klubi, 7 ta to‘garak va 5 ta seksiya faoliyat olib bormoqda. Ularda institutning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning 90 foizga yaqini qamrab olingan.

Mazkur olimpiada esa yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda iqtidorli sportchilarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
M. Qosimova, O‘zA