Bandlikni ta’minlash islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida fuqarolarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ularning daromad manbalarini kengaytirish va hayot sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 8-9-aprel kunlari Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan “Mehnat yarmarkasi” ham mazkur islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a emas.
Tadbirning birinchi kunida viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish hamda kambag‘allikni qisqartirish doimiy nazoratda ekanligini ta’kidladi.

Mazkur yarmarka ishsiz fuqarolar, “Ijtimoiy himoya reyestri”da turgan shaxslar hamda ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarni ish bilan ta’minlashga qaratildi. Unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan jami 215 ta korxona va tashkilot ishtirok etib, 4508 ta bo‘sh ish o‘rnini taklif qildi.

Yarmarkada yirik sanoat va xususiy korxonalar ham faol ishtirok etdi. Jumladan, to‘qimachilik, sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat olib borayotgan “JSM textile”, “BAHT-TEXTILE”, “TIANCHENG STONE”, “Baraka Non”, “Petrawool", “Çalık Enerji”, “Zarafshon Industrial Technology” kabi MCHJlar tomonidan yuzlab bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Bu esa iqtisodiyot tarmoqlarida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini tasdiqlaydi.

Tadbir davomida 2338 nafar fuqaro ishtirok etib, 284 nafarining bandligi ta’minlandi. Shuningdek, yuzlab fuqarolarga ishga joylashtirish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi, ayrimlari kasb-hunarga o‘qishga jalb etildi va imtiyozli kreditlar olish uchun tavsiyalar taqdim qilindi.

Yarmarka doirasida aholiga huquqiy maslahatlar, xorijda tashkil etilgan tartibda ishlash imkoniyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri