Oliy sud va Yoshlar ishlari agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda sud tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning 42 foizini (1 905 nafar) aynan yoshlar tashkil etadi.
Shunga ko‘ra, Oliy sud raisi Robaxon Maxmudova va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev o‘rtasida yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligiga hurmatni shakllantirish hamda ularning sud-huquq tizimiga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hamkorlik doirasida qator amaliy loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida yoshlar ishtirokida sayyor sud majlislari tashkil etiladi. Barcha hududlarda yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini rivojlantirish va xalqaro loyihalarga tayyorlash maqsadida “Adolat” debat guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, yoshlar manfaati ko‘zlangan qator ma’naviy-ma’rifiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
G.Boboyeva, O‘zA