OKMKda ishlab chiqarish qahramonlari sharaflandi
Ma’lumki joriy yilning 4-noyabr kuni 3-Mis boyitish fabrikasi jamoasi 10 million tonna ma’danni qayta ishlash bo‘yicha yuksak mehnat marrasini zabt etgan edi. Ushbu tarixiy zafarga munosib hissa qo‘shgan ishlab chiqarish ilg‘orlarini sharaflash maqsadida bugun, 6-noyabr kuni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov barchani ushbu tarixiy muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etdi. Kombinatrahbari o‘z nutqida hozirda kombinatda yirik investitsiya loyihalari yuqori sur’atlarda va jadallik bilan amalga oshirilayotganini, ahil mehnat jamoasi bundan keyin ham hamjihatlikda bundan-da yuqori maqsad va marralarni zabt etishiga ishonchi komil ekanligini alohida ta’kidladi.


Tantanali marosim davomida mana shunday natija qayd etilishida yuksak jonbozlik ko‘rsatgan 4 nafar kombinat mas’ul xodimiga turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari topshirildi. Shuningdek, 67 nafar fabrika ishchilari, kombinat tarkibiy bo‘linmalari mutaxassislari hamda pudrat tashkilotlarining vakillariga tashakkurnomalar va qimmatbaho esdalik sovg‘alar topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Qahramoni Saydali Rahmanov, kombinat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, yoshlar va pudrat tashkilotlari vakillari ushbu yuksak natija tasodif emasligini qayd etishdi. Ular o‘z chiqishlarida mazkur ulkan mehnat marrasining zamirida, eng avvalo, hurmatli Prezidentimizning kombinatga qaratayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi, OKMK rahbariyati hamda muhandisva mutaxassislarning vazifalarga puxta yondashuvi hamda ko‘p ming kishilik ishchi-xodimlarning hamjihatligi yotganini e’tirof etishdi.


Ma’lumot uchun: 2026-yil 16-martdan 4 noyabrga qadar fabrikada 10 million tonna ma’dan qayta ishlandi. Shu davr mobaynida Mis eritish zavodiga 160 ming tonnadan ortiq mis konsentrati yetkazib berildi. Fabrika to‘la quvvat bilan ishlashi natijasida yiliga 60 mln tonna ma’dan qayta ishlanadi.
Ushbu tarixiy kun kombinatning istiqboldagi yangi zafarlari uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA