OKMK: olti oyda1 mln kilovatt-soat yashil elektr energiyasi ishlab chiqarildi
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda energiyaning qayta tiklanadigan ekologik toza manbalari — quyosh va shamol quvvatidan foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham energiya barqarorligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida dadil qadamlar tashlandi va salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Buni hozirda kombinatning 50 dan ortiq tarkibiy bo‘linmalari va ijtimoiy soha ob’ektlarida jami 10 megavatt quvvatli A klass toifadagi quyosh panellari o‘rnatilganligi ham ko‘rsatmoqda. Ularda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi kombinat ichki ehtiyojni qondirishga yo‘naltirilib, foydali ish koeffitsiyenti 21,3 foizni tashkil etmoqda.

Maʼlumot uchun: ishlab chiqarish obyektlarida – 8 062 kVt, ijtimoiy sohada – 979 kVt, Toshkent viloyatida – 7 811 kVt, Samarqand (Ingichka koni) – 345 kVt, Namangan – 375 kVt, Surxondaryo – 510 kVt elektr energiyasi ishlab chiqariladigan quyosh panellari oʻrnatilgan


Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Yanvar-iyun oylarida qariyb 1 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi yoki 300 ming kub.m tabiiy gaz sarfining oldi olindi. Yil yakuniga qadar yana 1,6 mln kilovatt-soat (jami 2,6 mln kilovatt-soat) ishlab chiqarilib, jami tabiiy gaz iqtisodi 1 mln kub metrga yetkaziladi.
OKMK axborot xizmati