OKMK murabbiylari xalqaro toifadagi sertifikatga ega bo‘ldi
Poytaxtimizda Xalqaro gandbol federatsiyasi, Osiyo gandbol federatsiyasi hamda O‘zbekiston gandbol federatsiyasi hamkorligida xalqaro toifadagi trenerlik sertifikatini berishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur nufuzli tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda gandbol sport turini xalqaro standartlar asosida yanada rivojlantirish, milliy trenerlar korpusining kasbiy salohiyati va amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.
Seminarda O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iz Respublikasidan kelgan trener-murabbiylar ishtirok etdi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlik va tajriba almashinuvini mustahkamlashga xizmat qildi.

O‘quv mashg‘ulotlari Xalqaro gandbol federatsiyasi tavsiyasiga ko‘ra jalb etilgan malakali mutaxassislar — bahraynlik doktor Nabel Taxa Huseyn Al-Shexab, Birlashgan Arab Amirliklaridan Ibraxim Isa Muhamed Sabir Al-Amiri hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ulug‘bek Ikromov tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar zamonaviy trenerlik yondashuvlari, xalqaro metodikalar, jismoniy va taktik tayyorgarlik, sport psixologiyasi hamda musobaqalarni boshqarishga oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Yakuniy imtihon sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan mutaxassislarga xalqaro namunadagi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Quvonarlisi, ushbu seminarda OKMK gandbol klubi vakillari ham munosib ishtirok etdi.
Jumladan, erkaklar jamoasi bosh murabbiyi Hasan Qayumov hamda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha murabbiy Jasur Abdullayev “S” darajadagi xalqaro trenerlik sertifikatiga sazovor bo‘ldi.
Mutaxassislarning xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritishi klubda murabbiylar malakasini oshirishga qaratilayotgan e’tibor samarasi bo‘lib, kelgusida gandbolchilar tayyorgarligi sifati va jamoalarning raqobatbardoshligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA