Shaxmat: Turkiya va Argentinani mag‘lub etgan jamoalarimiz Vengriya va AQSH bilan bahslashadi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining murosasiz bahslari dunyoning 205 ta davlatida kuzatib borilayotgan bo‘lsa, yuzdan ziyod davlatning ommaviy axborot vositalari, internet sahifalari, ijtimoiy tarmoqlarida bevosita yoritib borilmoqda.
Ortda qolgan 4-tur o‘yinlarida u qadar shov-shuvli natijalar qayd etilmagan bo‘lsa-da, o‘ziga xos kombinatsion o‘yinlar kuzatilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekistonlik shaxmat ishqibozlari e’tibor markazidagi O‘zbekiston-1 va Turkiya terma jamoasi “dueli” aytish lozimki, turning markaziy bahslaridan biri bo‘lishi bilan birga, mahoratli shaxmatchilarimiz uchun eng murakkab o‘yin sifatida yodda qoldi.
Aytish lozimki, ushbu bahsda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov raqiblari bilan durang o‘ynadi. Nodirbek Yoqubboyevning turkiyalik 28 yoshli Vaxap Shanalni mag‘lub etishigina terma jamoamizga g‘alaba yo‘lidagi muhim ochkoni taqdim etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar evaziga O‘zbekiston-1 jamoasi Turkiya shaxmatchilarini 2,5:1,5 hisobida yengishiga olib keldi.
Ortda qolgan 4-tur o‘yinlarida O‘zbekiston-2 jamoasi Yangi Zelandiyani 2,5:1,5, O‘zbekiston-3 vakillari Yamanni 3,5:0,5 ko‘rinishida mag‘lub etdi.
Shuningdek, ushbu turda g‘oliblikka asosiy da’vogar sanalgan AQSH, Xitoy, Hindiston jamoalari Ukraina, Serbiya va Ispaniya jamoalarini taslim qildi.
Shaxmat olimpiadasining ayollar musobaqasida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Guldona Karimovadan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi 4-turda Argentina jamoasini 3:1 hisobida yenggan bo‘lsa, O‘zbekiston-2 vakillari Qirg‘izistonga 1:3, O‘zbekiston-3 shaxmatchi qizlari Kubaga 2,5:1,5 ko‘rinishida imkoniyatni boy berdi.
Bugun, 20-sentabr kuni o‘tadigan 5-tur o‘yinlari ostonasida erkaklar jamoalari orasida Xitoy, O‘zbekiston, Armaniston, AQSH, Hindiston, Niderlandiya va Vengriya jamoalari yuz foizlik natija bilan olimpiadadagi ishtirokini davom ettirmoqda.
Ularni ta’qib etib kelayotgan 8 ta terma jamoa 7, 39 ta davlat vakillari 6 ochkoga ega bo‘lib turibdi. E’tiborli jihati, 6 ochko jamg‘argan jamoalar orasida O‘zbekiston-3 va O‘zbekiston-2 vakillari ham bor.
Shaxmat olimpiadasining xotin-qizlar musobaqasida AQSH, Xitoy, Polsha va O‘zbekiston singari 10 ta jamoa 8 ochko bilan yetakchilik qilayotgan holatda 2 ta jamoa 7 va 39 tasi esa 6 ochko bilan peshqadamlikka nomzodlarni ta’qib etmoqda.
Bugun o‘tadigan 5-tur erkaklar musobaqasida O‘zbekiston-1 jamoasi Vengriya, O‘zbekiston-2 Filippin, O‘zbekiston-3 vakillari Avstriya bilan to‘qnash keladi.
Ayollar musobaqasining 5-turida O‘zbekiston-1 shaxmatchilari AQSH, O‘zbekiston-2 jamoasi Tunis hamda O‘zbekiston-3 jamoasi Madagaskar qarshiligini yengishga harakat qiladi.
[gallery-31521]
Eslatib o‘tamiz, 400 nafar erkaklar va ayollar jamoalari qatnashayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘yinlari 11 ta turdan iborat bo‘lib, musobaqalar 27-sentabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA