“Oilamiz – kelajagimiz” oyligi muvaffaqiyatli o‘tmoqda
15-may – Xalqaro oila kuni
Xalqimizda azaldan oila muqaddas qo‘rg‘on sanalgan. Mamlakatimizda oilalar manfaatini himoya qilish, ularni ijtimoiy muhofazalash, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 15-may – Xalqaro oila kunini keng nishonlash belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi “Ibratli oila” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash, ibratli oilalarni qo‘llab-quvvatlash, farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan oilalarni taqdirlash maqsadida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni taqdim etib kelinmoqda. Yurtimizda 2024-yilda 208 ta, 2025-yilda 2 mingta oilaga mazkur ko‘krak nishoni berilgan.
Bugungi kunda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha respublika doimiy komissiyasi tomonidan “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga nomzod bo‘lgan 3 ming 500 dan ortiq oilani o‘rganishga e’tibor qaratildi. Baholash va o‘rganishlar natijasida saralab olingan 2 ming oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash uchun tavsiya etildi.
Aytish kerakki, 3 yil ichida jami 4 ming 208 ta oila “Ibratli oila” deb e’tirof etildi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga muvofiq, yurtimizda 1-maydan 30-maygacha “Oilamiz – kelajagimiz” oyligi e’lon qilindi. Oylik doirasida hududlar, tuman (shahar) markazlaridagi istirohat bog‘larida “Saodatli oilalar sayli”ni tashkillashtirish, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda 208 ta tuman (shahar)lar markazlaridagi istirohat bog‘larida 10 mingdan ziyod uzoq yillardan buyon birga ahil yashab kelayotgan nuroniy juftliklar, “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan 4 ming 500 ga yaqin oilalar, “Oila va xotin-qizlar maskanlari”dagi o‘quvlarda saboq olgan 50 mingdan ortiq yosh kelin-kuyovlarni jalb etishga e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, mahallalarda oila vakillari hamda bolalar o‘rtasida milliy urf-odatlarni targ‘ib qilish maqsadida “Milliy o‘yinlar festivali”ni tashkil etish, “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish va unda ibratli oilalarning boy oilaviy tajribasini ommalashtirish va mustahkamlash maqsadida mahalla, tashkilot, korxonalarda faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin eng munosib oila vakillarini viloyat, tuman bosqichlarida taqdirlash rejalashtirilgan.
Oylik doirasida har bir hududdan 1 tadan jami 14 ta 1-o‘rinni egallagan oilalarni “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash jarayonlari yuqori saviyada o‘tkazilayapti.
“Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiylar oilasi” ko‘rik-tanlovini hududlar kesimida o‘tkazib, tanlovning respublika bosqichiga taqdim etilgan 6 ta oilani “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tizimida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish va g‘olib oilalarni “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida “Eng namunali yosh oila” tanlovini o‘tkazish va 1-2-3- o‘rin sohibi bo‘lgan oilalarni “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tadbirlari yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.
Respublika darajasida “Markaziy Osiyo xalqlari oilalarining uyg‘un qadriyatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etilib, unda “Baxtli oilaviy hayot mezonlari”, “Steriotiplardan holi oila” kabi mavzular chuqur tahlil etiladi, taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan ayrim illatlarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish, jismoniy imkoniyatlari cheklangan bo‘lsada, turli sohalarda yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan oilalar vakillarini rag‘batlantirish yuzasidan “Inson aziz”, “Yoningizdamiz” kabi xayriya aksiyalari tashkil etiladi.
“Oqila ayollar” harakati a’zolarining ma’naviy qadriyatlar va oilani asrashga qaratilgan murojaatlari yangraydi. “Mening oilam – mening faxrim” mavzusida fleshmob va “Yangi O‘zbekistonning baxtli oilasi” nomli chellenjlar o‘tkaziladi.
Oilada sog‘lom munosabatlar modellarini, xususan, o‘zbek xalqining bag‘rikenglik fazilatlarini, qo‘shnichilik, millatlararo totuvlikni targ‘ib qiluvchi ijtimoiy roliklar yaratiladi va namoyish etiladi.
O‘quv dargohlarida “Bolam baxtli bo‘lsin deb...” mavzuida o‘zbekona oilaparvarlik fazilati, davr masalalari, ota-onalarning oilani moddiy ta’minlash yo‘lidagi mashaqqatlari, oilada o‘zaro hurmat hamda bir-birini qadrlashni, jumladan qaynona-kelinlar o‘rtasidagi ibratli munosabatlarni targ‘ib etish g‘oyasi aks etgan davra suhbatlari o‘tkaziladi.
“Oila va xotin-qizlar maskanlari”da nikohlanuvchi shaxslarni o‘qitish va nizoli oilalar bilan ishlash, ota-onalik ta’limi, reproduktiv salomatlik bo‘yicha o‘quvlar tashkil etiladi. Nikohlanuvchilarni “maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus kurslarida bepul o‘qitish ishlari yangi bosqichga olib chiqiladi.
Mahallalarda bosh imom-xatiblar hamda otinoyilar tomonidan diniy qadriyatlar asosida oila muqaddasligi to‘g‘risida targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi. Sayyor qabullar tashkil etilib, oilalardagi muhitni mo‘’tadillashtirish choralari ko‘riladi, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohlarning oldini olish, to‘y-marosimlarni ixchamlashtirish yuzasidan tizimli tushuntirish ishlari olib boriladi.
15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan har bir tuman (shahar)dan bir nafardan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni tanlovining Respublika bosqichi sovrindorlari bo‘lgan oilalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni tantanali topshiriladi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi”, “Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiylar oilasi”, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tizimida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, “Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” oilaviy sport musobaqalari, “Ayollar sport olimpiadasi” musobaqalarining viloyat bosqichi g‘oliblari ham taqdirlanadi.
Hududlarda oilalar uchun tarixiy obidalar va muzeylarga sayohatlarni hamda “Oilaviy hunarmandlarning mamlakat turizm jozibadorligini oshirishga qo‘shayotgan hissasi” mavzusida hunarmand-tadbirkorlar sulolasi ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
“Oila tomorqasi – ro‘zg‘or barakasi” shiori ostida xonadonlarning tomorqalarida mo‘’jaz gulzorlar yaratiladi. Bularning barchasi mamlakatimizda oilalarga qaratilayotgan e’tiborning amaldagi yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri