O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer aniqlandi
Yer — xalq boyligi. Undan oqilona va samarali foydalanish nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki kelajak avlodlar manfaatini ta’minlashning ham muhim shartidir. Shu bois yurtimizda yer resurslarini asrash, ulardan qonuniy va samarali foydalanish, yer munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda yer munosabatlarini tartibga solish, yerdan foydalanishda adolat va qonuniylikni ta’minlash, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni asrab-avaylash hamda ulardan yuqori samara bilan foydalanishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, yerdan foydalanish tartib-qoidalari qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilganiga qaramay, ayrim holatlarda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari hanuz uchrab turibdi.
Kadastr agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan yer maydonlaridan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish va noqonuniy egallab olinishining oldini olish maqsadida muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
— Viloyat hududida yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, — dedi Kadastr agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi Yer va kadastr nazorati sho‘’basi bosh mutaxassisi Abdukarim Toyirov. — Shunga qaramay, yerlardan noqonuniy foydalanish va ularni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchrayotgani, albatta, achinarli.
Boshqarmaning tuman va shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 1 999 ta holatda 52,99 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan.
Tahlillar esa muammoning ko‘lami va uning turli sohalarga daxldor ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 52,99 gektar yerning 18,8 gektari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, 31,5 gektari aholi punktlari yerlari, 1,3 gektari sanoat, transport, aloqa, mudofaa va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik ob’ektlar yerlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan yer maydonlari esa tabiatni muhofaza qilish, suv fondi va zaxira yerlariga tegishli.
Bu raqamlar yer masalasi faqat kadastr yoki qurilish sohasiga daxldor emasligini ko‘rsatadi. Zero, bir gektar yerning noqonuniy egallanishi ham qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, shaharsozlik, ekologiya va hududlarni rejalashtirish kabi muhim yo‘nalishlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, nazorat tadbirlarining maqsadi faqat qoidabuzarlikni aniqlash va jazolash emas, balki fuqarolarga yerdan qonuniy foydalanish tartibini tushuntirish, mavjud muammoni huquqiy yo‘l bilan bartaraf etishdan iborat. Bu borada tushuntirish va targ‘ibot ishlari ham o‘z samarasini bermoqda. Kadastr nazorati inspektorlarining fuqarolar bilan bevosita muloqoti natijasida 24,7 gektar yer maydonidagi 1 133 ta holat fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi va yer maydonlari o‘z holatiga qaytarildi.
Qonun talablariga rioya etilmagan holatlarda esa ta’sir choralari kuchaytirilmoqda. Jumladan, o‘tgan davrda 11,8 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni majburiy tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 353 ta da’vo arizasi kiritildi. Shundan 297 tasi qanoatlantirilgan, qolgan ishlar bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.
Mutaxassislar fuqarolarni yer munosabatlariga oid qonunchilik talablariga jiddiy yondashishga chaqirmoqda. Ayniqsa, ayrim holatlarda uchrayotgan “bo‘sh yerga qurilish qilib olsam, keyin huquqim e’tirof etiladi” degan noto‘g‘ri qarash qonunchilikka zid.
— Fuqarolarimizdan O‘zbekiston Respublikasining 937-sonli Qonuni talablarini noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘raymiz. Ayrim fuqarolarimiz “qurilish mavjud bo‘lsa, huquq e’tirof etilar ekan” degan tushuncha bilan bo‘sh yer maydonlariga imorat qurmoqda. Ta’kidlash joizki, bunday holatlarga mazkur qonun talablari tatbiq etilmaydi. Bu qonunning o‘zida ham aniq belgilab qo‘yilgan, — deydi Abdukarim Toyirov.
Darhaqiqat, yerga nisbatan huquq faqat uni egallab olish yoki unda bino qurish bilan yuzaga kelmaydi. Yerdan foydalanishning qonuniy asosi, belgilangan tartib-taomillarga rioya qilish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi talablar mavjud.
Shu ma’noda, Buxoro viloyatida olib borilayotgan nazorat va profilaktika tadbirlari yerni talon-taroj qilishning oldini olish, qonuniylikni ta’minlash bilan bir qatorda, jamiyatda yerga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri