Oila a’zolarini “propiska”ga qo‘yish osonlashadi
Fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan oila a’zolari va yaqin qarindoshlari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinmoqda. Ya’ni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, shuningdek, aka-uka va opa-singillar bir-birining uy-joyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu holat ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi.
Shuningdek, loyihada oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mavjud amaliy muammolarni bartaraf etish masalalari ham aks etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-2026-yilgi o‘quv yili boshida 202 ta oliy ta’lim muassasasiga 741 ming 483 ta talaba kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olmoqda. Ularning 441 ming nafari o‘z uyi yoki yaqin qarindoshinikida yashaydi. 102 mingtasi talabalar turar joylarida, 44 mingdan ortig‘i davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan yotoqxonalarda turadi.
Shu bilan birga, 152 mingdan ortiq talaba ijara xonadonlarida istiqomat qiladi. Endilikda ijarada turuvchi talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmasligi belgilanmoqda. Shuningdek, talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan talabalarga nisbatan ham alohida huquqiy mexanizm joriy etiladi.
Sir emas, bugungi kunda ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan ko‘plab fuqarolar o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Endilikda taqiq yoki xatlab qo‘yilgan turar joyda yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun garovga oluvchining, taqiq va xatlab qo‘yishga yoki uni olib tashlashga vakolatli organning roziligini olish talab etilmaydi. Bu norma, avvalo, uy-joy mulkdori va uning oila a’zolarining o‘z uyida qonuniy ro‘yxatdan o‘tishiga imkoniyat yaratadi.
Ayni vaqtda garovga oluvchi va davlat organlarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxsning oldindan yozma roziligi instituti joriy etilmoqda. Ushbu mexanizmga ko‘ra, garovga oluvchi yoki taqiq (xatlov) qo‘ygan vakolatli organning murojaatiga asosan uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi bekor qilinishi mumkin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA