Donorlik: Sizning qoningiz bir inson uchun hayotga aylanishi mumkin
Donorlik — shunchaki qon topshirish emas, balki kimningdir og‘ir kunida unga umid berish.
Bugun siz bergan qon ertaga mutlaqo tanimagan insonning hayoti uchun eng qimmatli yordamga aylanishi mumkin.
Toshkent xalqaro aeroportining ichki aviaqatnovlar terminalida navbatdagi Donorlar kuni o‘tkazildi. Mazkur xayriya aksiyasi an’anaviy ravishda Respublika qon quyish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bunday tadbirlar “Uzbekistan Airports” tizimida yil davomida bir necha marotaba o‘tkazilib, kompaniya va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanadi. Bu safar donor bo‘lish istagini 96 nafar, jumladan 75 nafar erkak, 21 nafar ayol xodimlar bildirdi. Majburiy tibbiy ko‘rikdan so‘ng 80 nafar donor qon topshirishga ruxsat oldi.
Xayrli tashabbus natijasida jami 32 litr 450 ml qon to‘plandi. Har bir donorlik inson hayotini, jumladan, bolalar hayotini saqlab qolishga yordam berishi mumkin. Bugungi aksiya natijasida qariyb 98 ga yaqin inson zarur tibbiy yordam olishi mumkin.
So‘nggi yillardagi statistikaga ko‘ra, o‘tgan 2022-yilda kompaniyaning 40 nafar xodimi qon topshirgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 128 nafar donorni tashkil etgan. 2024-yilda donorlar soni rekord darajaga yetib, 236 nafar xodim aksiyada ishtirok etgan. 2025-yilda esa 182 nafar donor qon topshirgan.
2026-yilda donorlik aksiyalari ikki marotaba o‘tkazilib, 160 nafar xodim qon topshirdi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda “Uzbekistan Airports”ning donorlik aksiyalarida 746 nafar xodim ishtirok etdi. Shu davrda jami 299 litr 300 ml qon to‘plandi va buning natijasida qariyb 1 900 nafar inson zarur yordam olishi mumkin bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA