Ohangaronda sanoat salohiyati yuksalmoqda
Mamlakatimizda sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va aholi bandligini ta’minlash iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Bu borada hududlarning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida ham ushbu yo‘nalishlarda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari, mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati hududning sanoat salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jumladan, hududda faoliyat yuritayotgan “Enco Group” qo‘shma korxonasida yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari, mis trubkalari va izolyatsiyalangan mis shinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Umumiy qiymati 57,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur investitsiyaviy loyiha doirasida yiliga 24 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Korxona faoliyati natijasida 350 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
Loyihaning muhim jihati shundaki, O‘zbekistonda ilk bor import o‘rnini bosuvchi 110, 220 va 330 kilovolt kuchlanishga mo‘ljallangan yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu elektr energetikasi infratuzilmasini rivojlantirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda yirik sanoat ob’ektlarini zarur mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari importini 60 foizga qisqartirish, yillik hisobda esa 50 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ni tejash imkonini beradi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ichki bozordagi o‘rnini mustahkamlash, valyuta resurslaridan samarali foydalanish va mamlakatning tashqi ta’minotga qaramligini kamaytirish nuqtai nazaridan muhimdir.
Tumanda amalga oshirilayotgan yana bir istiqbolli loyiha “Infinity Copper Group” MCHJ faoliyati bilan bog‘liq. Korxonada mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish to‘liq quvvatda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu hududda zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Umumiy qiymati 36 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyiha doirasida 300 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 35 ming tonna mis quvurlari va fitinglarni tashkil etadi.
Mazkur loyihaning to‘liq quvvatda ishlayotgani jalb etilgan sarmoyalarning amaliy natijasini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bunday ishlab chiqarish korxonalari nafaqat aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini ko‘paytirish, balki hududda sanoatning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun ham zamin yaratadi.
Umuman, «Enco Group» va «Infinity Copper Group» korxonalari faoliyati Ohangaron tumanida sanoatni diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarishni kengaytirish va mahalliy mahsulotlar turini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini namoyon etadi. Ushbu loyihalar orqali jami 93,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, 650 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yil boshida tumanda 250 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu esa hudud iqtisodiyotiga yangi sarmoyalarni jalb etish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun muhim asos bo‘ladi. Shuningdek, hudud eksportini 160 million AQSH dollariga yetkazish maqsad qilingan. Uning 147,2 million dollari sanoat mahsulotlari, 12,8 million dollari esa meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi. Belgilangan ko‘rsatkichlarga erishishda mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash va tashqi bozorlarga yetkazib berish hajmini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday tashabbuslar hudud iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, sanoat salohiyatining mustahkamlanishi va aholi farovonligining oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Ayni paytda, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va milliy sanoatning ichki bozordagi mavqeini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
A. Musayev, O‘zA