Ochiq osmon ostidagi muzey: 18-may — Xalqaro muzeylar kuni
Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrining qoq markazida joylashgan, ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi O‘zbekiston Milliy bog‘i xalqimizning eng aziz maskanlaridan biridir. Bir qanoti ko‘lga, bir qanoti Anhor anhoriga, yana bir qanoti Xalqlar do‘stligi saroyi hamda Oliy Majlis binosiga tutashib ketgan ushbu ko‘rkam bog‘ hududida “Adiblar xiyoboni” majmuasining bunyod etilishi maskan go‘zalligini yangi bosqichga ko‘tardi.
Mazkur muhtasham xiyobon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi va tashabbusi asosida, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida barpo etildi.
Umumiy maydoni 8 gektardan ziyod bo‘lgan ushbu majmuada Alisher Navoiydan boshlab, Bobur, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi o‘zbek adabiyotining ma’naviy shajarasini tashkil etgan 25 nafar ulug‘ adibning yodgorlik majmualari o‘rin olgan. Har bir yodgorlik muayyan oliy o‘quv yurtlariga biriktirilgan bo‘lib, bu yerda ochiq darslar va ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Aynan shu bois adabiyot ahli va keng jamoatchilik Adiblar xiyobonini “Ochiq osmon ostidagi muzey” deb ta’riflamoqda.
E’tiborli jihati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qarorgohi ham mana shu bog‘da joylashgan. Uyushma 1934-yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, salkam to‘qson yil davomida o‘z binosiga ega bo‘lmay, ijaralarda faoliyat yuritib kelgan edi. Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan bunyod etilgan uyushmaning yangi muhtasham binosi ikki qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatida “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka” va “Yoshlik” jurnallari tahririyatlari hamda 150 o‘rinli faollar zali joylashgan. Ikkinchi qavatda uyushma ma’muriyati, tadbirlar o‘tkaziladigan zallar, “Adiblar xiyoboni” studiyasi va xalqaro uchrashuvlar zallari o‘rin olgan bo‘lsa, binoning yerto‘la qismida boy kutubxona va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Agar xiyobonda taniqli adiblarning haykallari qad rostlagan bo‘lsa, uyushma tarixi muzeyida ijodkorlarning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq noyob eksponatlar, qo‘lyozmalar, shaxsiy buyumlar va tarixiy suratlar jamlangan. Muzey ekspozitsiyasi XX asrning 30-yillaridan to shu kungacha bo‘lgan davrda o‘zbek adabiyoti bosib o‘tgan boy yo‘lni aks ettiradi. Muzey markazida XI asrda turkiy xalqlar hayot tarzini yorituvchi yagona manba hisoblangan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari maketi ishlangan va adiblarning purma’no iqtiboslari bilan boyitilgan. Shuningdek, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani asosida O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzo tomonidan grafika yo‘nalishida ishlangan asarlar burchagi, “O‘zbekiston Qahramonlari” va “Adabiy do‘stlik — abadiy do‘stlik” kabi bo‘limlar mavjud. Mustaqillik davri adabiyoti va “Yosh ijodkorlar” Zomin seminariga oid portret va ma’lumotlar ham alohida o‘rin egallagan.
Keyingi paytlarda muzey fondi yangi va noyob eksponatlar bilan boyib bormoqda. Xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Azim Suyunning farzandlari tomonidan ijodkorning shaxsiy buyumlari, kitoblari va 18 yoshida armiya safida yozgan ilk she’rlari qo‘lyozmalari muzeyga taqdim etildi. Taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudov (Evril Turon) farzandlari esa adibning yozuv mashinkasi, tush perosi, qo‘lyozmalari hamda “Oynur”, “Mehr bulog‘i”, “O‘lmas qoyalar”, “Bag‘dod qashqiri” kabi kitoblarini topshirishdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi va shoir Erkin Samandarning suratlari, qo‘lyozmalari hamda qizi adiba Sayyora Samandar qizi qalamiga mansub “Mening otam” nomli kitobi ham muzey eksponatlari qatoridan joy oldi.
Yildan-yilga muzeyimizga keluvchilar soni, xususan, maktab o‘quvchilari, oliygoh talabalari va xorijlik mehmonlar oqimi ko‘payib bormoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimiz va beqiyos boyliklarimiz bor. Muzey jamoasi sifatida asosiy maqsadimiz — ushbu ma’naviy xazinani xalqimizga yanada kengroq tanitishdir. Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni Adiblar xiyoboniga hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyiga taklif etamiz.
Munira RAMAZONOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi rahbari,
O‘zA