Oʻqituvchi yoki mutaxassislarning kamchiligini izlash emas, zurriyotining kelajagi uchun ota-onalar ham harakat qilishi shart
Donishmandlarimiz taʼkidlaganidek, insonning fazilati uning qoʻlida nimalar borligi bilan emas, balki u boshqalarga nimalar bera olishi bilan belgilanadi.
Donishmandlarimiz taʼkidlaganidek, insonning fazilati uning qoʻlida nimalar borligi bilan emas, balki u boshqalarga nimalar bera olishi bilan belgilanadi. Masalan, oʻqituvchida bilim bor, lekin uning fazilati shu bilim va tajribasini yosh avlodga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, ularning komil inson boʻlib voyaga yetishiga yoʻnaltira olishidadir.
Joriy yilning 16-martidan boshlab shu kunlarga qadar biz, oʻqituvchilar muhim sinovni oʻz boshimizdan oʻtkazayapmiz. Yangilikka tashna, qiziquvchan, bilimli yoshlarimizning yuz-koʻzi, fikrlari, oʻtilayotgan mavzuni qanchalik oʻzlashtirayotganliklarini jonli tarzda kuzatmaslik, ular bilan suhbatlashmaslikning oʻzi katta bir sinov. Qolaversa, oʻquvchilarga masofadan turib yangi mavzularda saboq berish, topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish masalasi, ochigʻini aytganda, aksariyat hamkasblarim singari kaminani ham avvaliga oʻylantirib qoʻydi. Oʻtilmay qolgan mavzular, tekshirilmay qolgan uy vazifalari nima boʻladi, bolajonlarimizning intilishlari soʻnib qolmasmikan, degan oʻy-xavotir bizni tark etmasdi.
Shukrki, Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va rasmiy veb-saytlar orqali oʻquv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashgʻulotlarini oʻz ichiga olgan onlayn darslar namoyish etilmoqda.
Oʻrni kelganda aytish kerak, har qanday yangilikni har kim turlicha qabul qiladi. Turfa xil munosabatni onlayn darslarga nisbatan ham kuzatayapmiz. Soʻnggi hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda onlayn darslarning sifati, saviyasi va uslubiyati borasida bir qancha bahs va munozaralarning guvohi boʻlayapmiz. Ayrim yurtdoshlarimiz oʻqituvchilarning xato va kamchiliklarini koʻrsatishga urinsa, yana boshqa hamyurtlarimiz ularning yutuq va oʻziga xosligini sanab oʻtishni maʼqul koʻrmoqda. Bu borada yaxlit xulosa berishga shoshilmayotganlar ham oz emas.
Ish bor joyda kamchilik boʻladi. Ayrim darslardagi kamchiliklarga koʻz yumib boʻlmasligi aniq, biroq undanda aniq bir jihat bor: shunday ogʻir bir vaziyatda, qisqa muddat ichida millionlab oʻquvchi va ota-onalar, mutaxassislarning eʼtibori va eʼtirofiga sazovor boʻla olish, bir vaqtning oʻzida bir qancha ming oʻquvchilarga tushunarli uslub va tilda darslarni oʻta olishga qodir, malakali, jasoratli, fidoiy oʻqituvchilarimiz talaygina ekanligi kishini quvontiradi.
Videodarslarni oʻtishda ishtirok etayotgan yuzdan ortiq oʻqituvchilarning oldida taʼzim qilmaslikning iloji yoʻq. Juzʼiy kamchiliklarga kelsak, ularni tuzatishga muntazam ravishda harakat qilinmoqda. Xususan, Xalq taʼlimi vazirligi darslarni doimiy takomillashtirib borish maqsadida takliflarni yigʻish boʻyicha onlayn maydonni tashkil etgani, shu paytga qadar 90 ga yaqin takliflar kelib tushgani bugungi darslar kechagiga, ertangi dars bugungiga nisbatan yaxshiroq oʻtilishini kafolatlaydi.
Masalan, bizning sinfimizda 34 nafar oʻquvchi bor. 34 oʻquvchi shuncha xil olam, feʼl-atvor, xulq, bilim va tarbiya sohiblaridir. Ularning har biri bilan individual tarzda ishlash, dars oʻtish biz, oʻqituvchilarga anʼanaga aylanib qolgan. Onlayn darslar davomida bunday yondashuv 34 nafar oʻquvchilarning oʻzigagina emas, balki ularning ota-onalariga ham alohida eʼtibor qaratishni nazarda tutayapti. Demak, bu jarayonda maktab va oila hamkorligi yangi bosqichga koʻtarilishi tabiiy.
Gapning sirasini aytganda, avvaliga onlayn darslarga jiddiy eʼtibor qaratmagan ota-onalar ham uchradi. Hatto “Telefonni bolaga berishning nima keragi bor?”, “Telefon orqali ham uy vazifasini joʻnatib boʻlarmidi?”, “Internetimda megabaytim yoʻq”, “Internetga ulanadigan zamonaviy telefonim yoʻq” qabilidagi bahonayu sabablar ham yoʻq emas edi. Biroq “1-sinf oʻrta umumtaʼlim maktabining eng muhim bosqichi ekanligi, bu bosqichda bolalarimiz kelajagining poydevori qurilishi, bugun siz, ota-onalar bola bilan alohida shugʻullansangiz, ertangi kunda farzandingiz yuqori sinf darslarini oʻzlashtirishi osonroq kechishini” birma-bir tushuntirdik.
Eng muhimi, ota-onalar yuzaga kelgan vaziyatni toʻgʻri baholay oldi va farzandlari bilan birgalikda mashgʻulotlarga oid uy vazifalarni tayyorlashda faollikni qoʻldan boy bermayapti. Har bir oʻtilgan mavzuni telegram tarmogʻida tashkil etilgan guruhlarimizda muhokama qilayapmiz, uy vazifalarni bajarishda qaysi jihatlarga eʼtibor qaratishni tushuntirib bormoqdamiz. Oʻquvchilar bilan qayta aloqa qilishning ham uddasidan chiqishga harakat qilayapmiz. Mehnati va harakatiga munosib baho qoʻyishdan tashqari ularni ragʻbatlantirishga qaratilgan maqtov va olqishlarimizni ayamaymiz.
Qisqasini aytganda, doʻst kulfatda sinaladi, deyilganidek, farzandlarimizning chin doʻstiga aylanishni, ularning kelajakda komil shaxs boʻlib voyaga yetishini istar ekanmiz, ularning bilimi va dunyoqarashini boyitishga xizmat qiladigan har qanday uslub hamda vositadan unumli foydalanish oʻzimizga bogʻliq. Zotan, faqatgina oʻqituvchi yoki mutaxassislarning kamchiligini izlash emas, zurriyotlarimizning kelajagi porloq boʻlishi uchun oʻzimiz ustozlari bilan hamkorlikda oldinga qarab harakat qilmogʻimiz shart.
Fotima JOʻRAYEVA,
oʻqituvchi