Nurli maskanda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari jarangladi
Guliston tumanidagi ta’lim maskanlarida bugun yana bir o‘quv yili tarixga aylandi. Qalblarni hayajonga solgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yuzlab o‘quvchilarni mustaqil hayot sari kuzatar ekan, ayniqsa, 11-sonli ko‘zi ojizlar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida bo‘lib o‘tgan tadbir ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
Mazkur bayram bayram tadbirida Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev hamda Ijtimoiy himoya agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Quvonchbek Hamdamovlar ishtirok etishdi. Mehmonlar bitiruvchilarni hayotlaridagi muhim bosqich bilan tabriklab, ilm olish, izlanish va orzu sari intilish insonni yuksak marralarga yetaklashini ta’kidlashdi.

Tadbir davomida maktabning faol, iqtidorli va a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilari munosib taqdirlandi. Shuningdek, farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashib, ta’lim muassasasi bilan hamkorlikni mustahkamlagan ota-onalarga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar bo‘yicha “Minnatdorchilik xat”lari topshirildi. Bu e’tiroflar tadbirga yanada samimiy ruh bag‘ishladi.

Ayniqsa, bitiruvchilarning so‘zlari yig‘ilganlarni to‘lqinlantirdi. Ular davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, ustozlarining mehri va mehnati uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida Vatanga munosib farzand bo‘lishga va’da berishdi. Vatan, maktab va ezgu orzular haqida yangragan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

– O‘tayotgan 2025–2026 o‘quv yili bizning o‘quvchilarimiz uchun ham quvonchli, ham muvaffaqiyatlarga boy keldi. Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Nurli maskan” maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida asosiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan respublika olimpiadasida o‘quvchilarimiz munosib ishtirok etishdi. Xususan, 11-sinf o‘quvchisi Shahzoda Mamasoliyeva rus tili va adabiyoti fanidan, Surayyo Ko‘charova esa ona tili va adabiyoti fanidan faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, Sirdaryo viloyati sharafini munosib himoya qildi.
Bu yutuqlar, avvalo, o‘quvchilarning tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi va ustozlarning mehnati samarasidir. Eng muhimi, yoshlarda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch mustahkamlanib, yanada yuksak marralarni zabt etishga intilish paydo bo‘ldi, – deydi Sirdaryodagi “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Nigora Balikova.
Eng muhimi, bugun respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Guliston tumanidagi umumta’lim maktablarida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Quvonch va hayajon, ayriliq va orzular uyg‘unlashgan ushbu lahzalar bitiruvchilar xotirasida umrbod saqlanib qolishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA