Yozni bolajonlar maroqli va mazmunli o‘tkazishadi (+video)
So‘nggi qo‘ng‘iroq yangrab, bolajonlar yozgi ta’tilga kuzatilayotgan bir paytda mas’ullar ularning bo‘sh vaqtlarini maroqli va mazmunli o‘tkazish borasida katta tayyorgarlik ko‘rib qo‘ymoqdalar. Xususan, yoz mavsumida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 3 ta dam olish maskaniga 1 060 nafar bola qamrab olinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari uch oy davomida 180 ta statsionar oromgoh faoliyat yuritadi va ularga 157 715 nafar bola qamrab olinishi belgilanmoqda.
Shuningdek, tajribali o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb qilgan holda boshqa tashkilotlar tasarrufidagi statsionar oromgohlarning 47 tasi ixtisoslashtirilgan sog‘lomlashtirish oromgohi sifatida tashkil etiladi.
Jumladan, poytaxtimizdagi 64 o‘rta maktab yozgi ta’tilni maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida bolajonlar eng ko‘p qiziqadigan yo‘nalishlar bo‘yicha sog‘lomlashtirish maydonchalarini tashkil etdi. Shu munosabat bilan 90 kun faoliyat yuritadgan to‘garaklarga tajribali o‘qituvchi va murabbiylar jalb qilindi.
“Yoz-2026” mavsumini mazmunli tashkil etish maqsadida statsionar oromgohlarga jalb etilmagan bolalar uchun joylardagi ta’lim muassasalarida 1 242 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etildi va ularda 156 475 nafar bola qamrab olinadi. Ushbu muassasalardagi ta’lim-tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy ishlar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida olib boriladi.
Bolalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirish maqsadida oromgohlarga 57 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib beriladi va “kitob.uz” platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratiladi.
Sog‘lomlashtirish maydonchalarida yozgi ta’tilni maroqli tashkil etish uchun mehnat ta’tiliga chiqmagan 11 ming nafardan ortiq pedagog jalb qilinadi. Ushbu maydonchalarda sport, san’at va AT yo‘nalishlarida to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda bolalarga mo‘ljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi. Bolalar ansambli va jamoalarining teatr va konsert dasturlari uyushtiriladi.
Yozgi ta’til davrida o‘quvchilarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 223 ta “Kelajak” markazlarida madaniyat va san’at yo‘nalishida o‘quvchilar qiziqishidan kelib chiqib to‘garaklar tashkil etiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/HKrC9syd4lM?si=HTAhp_Exe8cLQVzt" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA