Nuriston – “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi zamonaviy mahallaga aylanadi
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda inson qadri va aholi farovonligini ta’minlash, mahallalarni obod maskanlarga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi Nuriston mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
GRES shaharchasida joylashgan Nuriston mahallasi bugun yangi qiyofa kasb etmoqda. Hududda yo‘l-transport va muhandislik infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, mahallaning 1,5 kilometr ichki yo‘llari asfaltlandi. Bu maqsadlar uchun 2,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ilgari yo‘llarning holati ayniqsa, yog‘ingarchilik kunlarida aholiga noqulayliklar tug‘dirgan bo‘lsa, bugun ravon va sifatli yo‘llar mahalla hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda.

Yo‘llar bilan bir qatorda piyodalar uchun qariyb 2 kilometr masofada yo‘laklar barpo etildi. Shuningdek, velosipedda harakatlanuvchilar uchun ham maxsus yo‘lak tashkil qilinmoqda. Bu esa hudud infratuzilmasida zamonaviy yondashuvlar qaror topayotganini ko‘rsatadi.
Mahallaning kechki qiyofasi ham tubdan o‘zgarmoqda. 2,4 kilometr masofada tungi yoritish tizimi o‘rnatilib, bu ishlarga 800 million so‘m mablag‘ sarflandi. Zamonaviy chiroqlar ko‘chalarni yoritish bilan birga, aholi uchun xavfsiz harakatlanish imkonini yanada kengaytirmoqda.

– Ilgari kechqurun mahalla ko‘chalarida harakatlanishda qiyinchiliklar bo‘lardi. Hozir esa ko‘chalarimiz ravon, tungi yoritish tizimi o‘rnatildi. Piyodalar uchun ham alohida yo‘laklar yaratilgani quvonarli. Bu o‘zgarishlarning barchasi xalqqa bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasi, – deydi mahalla oqsoqoli Odina Sarmonov.
Nuristondagi yangilanishlar yo‘l va yoritish tizimi bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Aholining sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash maqsadida oqova suv tarmoqlarini barpo etish ishlari ham olib borilmoqda.

Xususan, qariyb 8 kilometr uzunlikdagi oqova suv tarmog‘i qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, undan Nuriston bilan bir qatorda yana uchta mahallada yashovchi qariyb 22 ming aholi foydalanishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 1,7 milliard so‘mni tashkil etadi.
Bu kabi muhandislik tarmoqlarining yaratilishi aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasi uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, zamonaviy mahalla deganda faqat ravon yo‘llar emas, balki ichimlik va oqova suv, yoritish, obodonlashtirish kabi tizimlarning bir-biri bilan uyg‘unligi tushuniladi.

Hududda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoit yaratishga ham e’tibor qaratilmoqda. Nuriston istirohat bog‘ini qayta rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan. Mazkur loyiha Nuristonni “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi zamonaviy mahallaga aylantirish maqsadlari bilan uyg‘un bo‘lib, Prezident qarorlari asosida bu ishlar uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Qayta rekonstruksiyadan so‘ng istirohat bog‘i mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun zamonaviy dam olish maskaniga aylanishi kutilmoqda. Bu yerda yashil hududlarni kengaytirish, sayr qilish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun qulay muhit yaratish mahallaning umumiy qiyofasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

– Bugun mahallamizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, mustaqillik yillarida yurtimiz qanday taraqqiy etganini his qilamiz. Yo‘llar, yoritish, piyodalar va velosiped yo‘laklari, oqova suv tarmog‘i – bularning har biri odamlar hayoti uchun muhim. Endi istirohat bog‘imiz ham zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz, – deydi mahalla oqsoqoli Abdunazar Shonazarov.
Darhaqiqat, mahalladagi har bir yangilanish ortida inson manfaati mujassam. Bir qarashda oddiydek tuyulgan asfalt yo‘l, ko‘chani yoritib turgan chiroq, piyodalar uchun qurilgan yo‘lak yoki oqova suv tarmog‘i aholining kundalik hayotini yengillashtiradigan, turmush sifatini oshiradigan muhim omillardir.

Mustaqillik bayrami — shunchaki sana emas. U xalqimizning 35 yillik taraqqiyot yo‘lini, bunyodkorlik salohiyatini va eng muhimi, inson uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan ulug‘ ayyomdir.
Nuristondagi bugungi yangilanishlar ham ana shu taraqqiyot yo‘lining mahalladagi bir ko‘rinishi. Obod mahalla farovon hayot, zamonaviy infratuzilma esa inson qadriga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri