Qashqadaryoni 2030-yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanmoqda
Qashqadaryo viloyati xalq deputatlari Kengashining navbatdagi sessiyasida kun tartibidagi bir qancha masalalar qatorida viloyatni 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi loyihasi ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mazkur hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining uzviy davomi bo‘lib, hududning mavjud iqtisodiy, tabiiy va inson salohiyatidan samarali foydalanish, aholi farovonligini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Strategiyaning asosiy maqsadi Qashqadaryoni respublikaning yetakchi sanoat-agrar va turizm markazlaridan biriga, shuningdek, neft-gaz-kimyo sanoatining yirik maskaniga aylantirishdan iborat.
Sessiyada viloyat iqtisodiyotida so‘nggi yillarda salmoqli o‘sish kuzatilgani ta’kidlandi. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, hududiy yalpi mahsulot hajmi 98,8 trillion so‘mni tashkil etib, respublika iqtisodiyotidagi ulushi 5,3 foizga yetgan.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot va mehnat unumdorligi mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan orqada qolayotgani, iqtisodiyotda xomashyoga bog‘liqlik yuqoriligi, yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushi pastligi kabi masalalar mavjudligi qayd etildi. Markazlashtirilgan ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari qamrovini kengaytirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish ham ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
[gallery-30856]
Strategiyaga ko‘ra, 2030-yilga qadar viloyat yalpi hududiy mahsulotini 13,4 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga YAHMni 3,3 ming dollarga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 2,35 milliard dollarga yetkazilib, sohada 25 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini 33,5 foizdan 23 foizgacha qisqartirish va ishsizlikni 4 foizdan oshirmaslik maqsad qilingan.
Eksport va investitsiyalar yo‘nalishida ham aniq ko‘rsatkichlar belgilangan. Eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini 70 foizga yetkazish, faol eksportchi korxonalar sonini 350 taga oshirish rejalashtirilgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 214,1 million dollarga, IT xizmatlari eksporti esa 75 million dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Aholi farovonligini oshirish strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2030-yilga qadar mutlaq kambag‘allikni to‘liq bartaraf etish, kambag‘allikdan chiqarish xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olish vazifasi qo‘yilgan.
Inson kapitalini rivojlantirish doirasida ta’lim sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, IT sohasida 30 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash, 676 ming nafar yoshni xorijiy tillarni o‘rganishga jalb etish rejalashtirilgan.
Infratuzilma sohasida markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 80 foizga, oqova suv xizmatlari qamrovini 19,1 foizga yetkazish, har yili 8,8 ming xonadonli uy-joy barpo etish belgilangan. Qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari 243 megavattgacha oshiriladi.
Ekologiya va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishida esa yashil hududlar maydonini kengaytirish, zararli chiqindilarni kamaytirish, issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish choralari nazarda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligida mahsulotlarni qayta ishlash darajasini oshirish, yerdan olinadigan daromadni ko‘paytirish bilan birga, Kitob – Shahrisabz tarixiy-turistik brendini rivojlantirish, turizm mahallalari va qishloqlari sonini 14 taga yetkazish, yangi turizm klasterlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Strategiya ijrosi raqamli platformalar orqali muntazam monitoring qilib boriladi. Belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish holati “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarda baholanadi. Har yili mustaqil tadqiqotlar o‘tkazilib, ularning natijalari jamoatchilikka e’lon qilib borilishi belgilangan.
Umuman, “Qashqadaryo – 2030” strategiyasi hudud iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, infratuzilmani yaxshilash va aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan aniq maqsad va ko‘rsatkichlarni qamrab olgan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari