Noma’lum sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari savdosiga chek qo‘yilmoqda
“Sanepidqo‘mita”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi shahar va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyatida faoliyat olib boruvchi oziq-ovqat do‘konlarida oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash, botulizm kabi kasalliklarning oldini olish maqsadida turli xildagi noma’lum sharoitda tayyorlangan mahsulotlar, konserva mahsulotlarini sotmaslik yuzasidan o‘tgan 2024 yilda 12156 ta, joriy yilning o‘tgan davrida 486 targ‘ibot tadbiri, 62 holatda o‘rganishlar o‘tkazildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad noma’lum sharoitda tayyorlangan, oziq-ovqat do‘konlari orqali iste’molchilarga yetkazib berilayotgan mahsulotlar, ular ortidan kelib chiqayotgan har xil noxush vaziyatlarni oldini olishdir.

–Bozor va savdo do‘konlarida sotuvga chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida noma’lum sharoitda tayyorlangan 297 dona konserva mahsuloti, 40 kilogramm har xil turdagi pishiriq, kalla-pocha, hasip, xolodets, tuzlama mahsulotlari savdosi oldi olingan bo‘lsa, joriy yilda esa ishlab chiqarish va saqlash qoidasi buzilgan 342 dona konserva, 214 kilogramm miqdordagi tuzlama, 48 kilogramm har xil turdagi yeguliklar savdosiga chek qo‘yildi.–deydi Sirdaryo viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Hasanov.–Birinchidan, ushbu turdagi mahsulotlar belgilangan sanitariya qoidalariga binoan tayyorlangan, deya aytib bo‘lmaydi. Ikkinchidan esa, mahsulotning sifati va xavfsizligiga javob beradigan sertifikati mavjud emas.

"Ko‘za kunda emas, kunida sinadi" degan gap bor. Botulizm va boshqa kasalliklar sizu bizdan so‘rab kelmaydi. Unga esa, ana shunday noma’lum sharoitda tayyorlangan, saqlash qoidasi buzilgan holda iste’molga chiqarilayotgan oziq-ovqat va konserva mahsulotlari sabab bo‘ladi.
Shu boisdan, soha xodimlari noma’lum sharoitda tayyorlangan, iste’molga chiqarilayotgan oziq-ovqat va konserva mahsulotlari savdosining oldini olish yuzasidan joylarda, hududlarda, ayniqsa, bozor va oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘konlarda o‘rganish o‘tkazib, aholining xabardorligini oshirish maqsadida targ‘ibot tadbirlarini olib boryapti. Bu esa, o‘z natijasini ko‘rsatmasdan qolmayapti. Eng asosiysi, aholining salomatligiga xavf tug‘diruvchi salbiy holatlarning oldi olinyapti.

Buning natijasida noma’lum holatda tayyorlangan konserva va oziq-ovqat mahsulotlari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan botulizm va boshqa yuqumli kasalliklar keng tarqalishining oldi olinib, 62 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib tegishli soha vakillariga yuborilgan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi savdo nuqtalarining 12 ta rahbar xodimiga nisbatan sanitariya qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy jarima jazolari qo‘llanildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri