Bag‘dodda ko‘prik qayta qurilyapti
Buni qarang. Xitoyning qadimiy poytaxti Sian shahridan boshlangan “Buyuk ipak yo‘li” Qashqardan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yetib keladi. Keyin esa Marg‘ilon – Bag‘dod orqali Qo‘qondan Toshkentga o‘tadi.
Mutasaddilar ko‘p o‘rganib va o‘ylab bir xulosaga keldilar: Atigi qarama-qarshi ikki qatorli Bag‘doddagi ko‘prik bugungi talabga javob bermaydi. Uni yangidan qurish kerak.
E’tibor bering, ta’mirlash emas, yangidan qurish haqida qaror qabul qilindi.

Bugun Bag‘dodga kiraverishda ishlar gavjum. Kimdir payvandlash ishi bilan band. Qayerdadir yer qa’riga baquvvat temir-beton qoziqlar qoqilyapti.
– Uzunligi 174 metr bo‘ladi, qiymati 43 milliard so‘m, – deydi “Romitantrans” yo‘l qurilish MCHJ ustasi Farrux Mavlonov. – Hozircha 40 nafar quruvchi mehnat qilishyapti. Ayni kunda qoziqlarini qoqyapmiz.

Ko‘prik bundan qariyb 60 yil avval qurilgan bo‘lib, beto‘xtov xizmat qildi. 50 darajali issig‘-u 27 darajadagi muzlama kunlar ham ishlayverdi. Ammo... yillar qahriga temiru beton ham dosh berishi qiyin ekan. Ayrim joylarda yorilish, ko‘chish ro‘y berdi.

Tenderda g‘olib bo‘lgan “Romitantrans” ko‘prik qurish MCHJ mutaxassislari biz qurgan ko‘prik yuz yil turadi, deyishmoqda.
Shunday qilib, aholisi zich, transport tirband Farg‘ona shahrida qurilmagan ko‘prik Bag‘dod chorrahalaridan birida qayta qurilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/C5oJMx5yHFk" title="Farg‘onada qurilmagan ko‘prik Bog‘dodda qurilayapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA