Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olganda soliqlar kamayadi
Parlament quyi palatasi majlisida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Mazkur loyiha bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari S.Abdullayev batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, loyihaga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini xalqaro standartlar asosida yanada mustahkamlash, ularning odil sudlovdan to‘liq va teng foydalanishini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini manzilli va samarali tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Endi barcha ijtimoiy xizmatlar, nafaqa va imtiyozlar "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" va "Kambag‘al oilalar reyestri" negizida tuzilgan yagona baza — “Ijtimoiy reyestr” orqali taqdim etiladi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashni rag‘batlantiruvchi qator imtiyozlar kiritilmoqda.
Jumladan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanmoqda. Nogironligi bo‘lgan xodimlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq ayrim xarajatlar (oziq-ovqat, kiyim-kechak, gigiyena vositalari xarajatlari) foyda solig‘idan chegirib tashlanadigan xarajatlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilayotgan korxonalar uchun mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha yengilliklar berish taklif qilinmoqda.
“Faol hayotga qadam” dasturi doirasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni 2030-yilgacha ijtimoiy soliqdan tashqari barcha turdagi soliqlardan ozod qilish nazarda tutilmoqda. Ushbu xizmatlardan foydalangan jismoniy shaxslarga bu xizmat uchun to‘langan mablag‘ning 3 milliongacha bo‘lgan qismini daromad solig‘idan ozod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalariga ortiqcha to‘langan nafaqalarni undirish yuzasidan sudga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda.
Qayd etilganidek, qonun loyihasidagi normalar ijtimoiy yordam va xizmatlarning manzilliligini ta’minlashga, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlar uchun imtiyoz va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA