Nobel mukofoti sovrindorlari tug‘ilgan mamlakatlar reytingida qaysi davlatlar yetakchi?
Bu yilgi Nobel mukofoti laureatlari e’lon qilingach, mukofot sovrindorlari soni 1 000 nafarga yetdi.
Laureatlarning tug‘ilgan joyi asosida tuzilgan reytingda Qo‘shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va Germaniya yetakchi o‘rinlarni egalladi.
“Naked science” onlayn nashrining Nobel mukofoti sayt manbasiga asoslangan xabariga ko‘ra, AQSHda tug‘ilgan laureatlar soni 300 nafarga yetdi. Buyuk Britaniya 111 nafar laureat bilan ikkinchi, Germaniya 86 nafar sovrindor bilan uchinchi o‘rinni band etdi. Fransiya 65 nafar sovrindor bilan to‘rtinchi, Yaponiya esa 31 nafar laureat bilan beshinchi o‘rindan joy oldi.
Reyting Nobel tashkilotining ochiq ma’lumotlar bazasi asosida tuzilgan bo‘lib, unda hisob-kitoblar alohida shaxslar kesimida amalga oshirilgan. Bunda har bir laureat Nobel mukofotini bir necha marta qo‘lga kiritgan bo‘lsa ham, faqat bir shaxs deb hisobga olingan. Masalan, ikki marta mukofotga sazovor bo‘lgan Mari Kyuri, Jon Bardin va Frederik Sanger reytingda bitta shaxs sifatida qayd etilgan.
Kuchli beshlikdan keyingi o‘rinlarda Shvetsiya 30 nafar, Rossiya 29 nafar, Polsha 28 nafar va Kanada 23 nafar laureat bilan joylashgan. Niderlandiya va Italiyaning har biridan 20 nafardan laureat qayd etilgan.
Reytingni shakllantirishda ayrim hududiy va ma’muriy tafovutlar ham inobatga olingan. Jumladan, tug‘ilgan joyi Buyuk Britaniya, Shotlandiya yoki Shimoliy Irlandiya sifatida ko‘rsatilgan laureatlar birlashtirilib, Buyuk Britaniya ko‘rsatkichiga kiritilgan. Gvadelupada tug‘ilgan laureat esa Fransiya natijasiga qo‘shilgan.
Ushbu reyting Nobel mukofoti laureatlarining geografik taqsimotini ko‘rsatish bilan birga, ilm-fan, adabiyot va boshqa sohalarda xalqaro miqyosda e’tirof etilgan shaxslar tug‘ilgan mamlakatlar haqida ham tasavvur beradi.
Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilgi Nobel mukofoti laureatlari nomi 5–12-oktabr kunlari e’lon qilindi. Mukofotlarni egalariga topshirish marosimi esa an’anaga ko‘ra 10-dekabr sanasida o‘tkaziladi.
Zuhra Mirzaboyeva, O‘zA