Inklyuziv turizmni rivojlantirish va to‘siqsiz muhit yaratish masalalari muhokama etildi
Navoiy viloyatida sayyohlar uchun turizm xizmatlarini qulay va xavfsiz tashkil etish, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turistik infratuzilma ob’ektlaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Unda viloyatdagi turizm sohasi vakillari, muzey xodimlari, mehmonxonalar mutaxassislari, turoperatorlar, gidlar hamda Navoiy davlat universiteti talabalari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Navoiy viloyati o‘zining boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, ziyoratgohlari va betakror tabiiy maskanlari bilan ulkan turistik salohiyatga ega. Ushbu imkoniyatlarni keng targ‘ib etish bilan birga, sayyohlar uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni yaratish hudud turizmini barqaror rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Hozirda turizm sohasida inklyuziv yondashuvni kengaytirish, turistik infratuzilmani takomillashtirish va xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar, shuningdek, turizm ob’ektlarini sanitariya va shaharsozlik normalari hamda qoidalari talablariga muvofiq tashkil etish masalalari xususida fikr almashildi. Shuningdek, inklyuziv turizmni rivojlantirish, turistik ob’ektlarda to‘siqsiz muhit yaratish, xizmatlar sifatini oshirish va sayohat davomida xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
– Tadbirda Navoiy viloyatidagi turizm infratuzilmasi ob’ektlarida olib borilgan o‘rganishlar natijalari ham muhokama qilindi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Xudoyberdiyeva. – O‘rganishlar davomida aeroport, temir yo‘l vokzali, tarixiy-madaniy meros ob’ektlari va mehmonxonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, panduslar va tutqichlar, maxsus sanitariya xonalari, axborot-ko‘rsatkich belgilari, nogironlik aravachalari hamda avtoturargohlardagi maxsus joylar masalalariga e’tibor qaratilgan.
Seminar davomida mehmonxona xodimlari, turoperatorlar va gidlar uchun sayyohlarning individual ehtiyojlarini inobatga olish, ekskursiya yo‘nalishlarini qulay tashkil etish, mehmonlarga hurmat va e’tibor bilan xizmat ko‘rsatish hamda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish muhimligi qayd etildi.
Muzey xodimlari bilan tarixiy-madaniy meros ob’ektlarida tashrif buyuruvchilar uchun qulay muhit yaratish, axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va madaniy boyliklarni barcha toifadagi sayyohlar uchun ochiq qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Navoiy davlat universiteti talabalariga esa inklyuziv turizmning zamonaviy turizm tizimidagi o‘rni, inson qadr-qimmati va teng imkoniyatlar tamoyillarining ahamiyati tushuntirildi.
[gallery-31998]
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashilib, turistik xizmatlarni yanada takomillashtirish, to‘siqsiz muhitni rivojlantirish va barcha sayyohlar uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari