Nishon tumani cho‘llarida agrar yuksalish (+video)
O‘zbekiston cho‘l hududlarida yangi agrar loyihalar boshlandi. Zamonaviy texnologiya va xorijiy tajriba asosida ilgari foydalanilmagan yerlar unumdor dalalarga aylanib bormoqda.
Jumladan, “Qashqadaryo – Agro Star” kompaniyasi tomonidan 1 332 gektar maydonda chorva ozuqasini yetishtirish, “Bulung‘ur – Agro Star” tomonidan esa mahalliy tadbirkor bilan hamkorlikda 300 gektar yerda urug‘lik kartoshka yetishtirish mo‘ljallanyapti.
Avvalari foydalanishda bo‘lmagan mazkur cho‘l hududlarida agrar loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ekin ekib sifatli hosil olish o‘ziga hos, alohida yondashuvni talab etadi. Shu bois, barcha jarayonlar xorijdan jalb qilingan katta tajriba, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar nazoratida olib borilyapti.
Ekinlarni joylashtirishdan tortib, agrotexnik tadbirlarni tashkil etishgacha bo‘lgan jarayonlarda hududning iqlim sharoiti, tuproq tarkibi va namlik darajasi kabi barcha omillar chuqur o‘rganildi. Bu esa zamonaviy agrotexnologiyalarni mahalliy sharoitga moslashtirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish imkonini bermoqda.
- Mazkur loyihalar orqali nafaqat sifatli va mo‘l hosil olish, balki agrar soha vakillari orasida zamonaviy tajribalarni keng joriy etishni reja qilayapmiz. Ular amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, guvoh bo‘lishayapti. Bu esa yangicha usullarni tezroq va yaxshiroq o‘zlashtirishlari hamda amaliyotga tadbiq qilishlariga ko‘mak beradi” – deydi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi direktori Fazliddin Muhiddinov.
Urug‘lik kartoshka yetishtirish loyihasi doirasida Gollandiyaning qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyasidan kartoshka urug‘larini avtomatik ekishga mo‘ljallangan zamonaviy texnikalar olib kelindi. Bundan tashqari, Avstriyaning “BAUER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan qiymati 7.6 milliard so‘mlik 10 ta zamonaviy aylanma sug‘orish tizimi o‘rnatildi.
- “Pivot” usulida aynalma yomg‘irlatib sug‘orish tizimidan agrar soha rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llaniladi, - deydi misrlik mutaxassis Haniy Basioniy Ali. - Bu usul ayniqsa juda katta maydonlarni sug‘orish uchun qulaydir. Suv resurslaridan samarali foydalanish, ekin maydonlarini bir maromda sug‘orish hamda hosildorlikni oshirish imkonini beradi. Qolaversa, u orqali o‘g‘it va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llash ham oson.
Loyihani suv bilan ta’minlash maqsadida “Nishon” aylanma kanalidan 7 kilometr uzunlikdagi ikki qator quvur tarmog‘i tortildi hamda bitta transformator ishga tushirildi.
Kartoshka mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlardan biridir. Shu bois kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish bilan bir qatorda sifatli urug‘lik bazasini yaratish ham muhim vazifalardan hisoblanadi. Avvalgi yillarda kartoshkachilik bilan shug‘ullanuvchilar duch kelgan asosiy muammolardan biri urug‘lik masalasi bo‘lgan. Narxlar baland, sifat esa kafolatlanmagan.
Prezidentimizning 2025-yil 8-sentabrdagi “Kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishda yangi imkoniyatlarni yaratdi.
Qaror asosida “Bulung‘ur – Agro Star” tomonidan Gollandiyaning “Agrico” kompaniyasidan ertangi mavsum uchun 2 ming tonna, kechki mavsum uchun esa 4 ming tonna elita kartoshka urug‘i olib kelindi. Esma, Arizona, Alouyette, Pradiso, Pikasso, Evalushion, Artemis, Ranomi va Agata navlari aholiga ustamasiz narxlarda yetkazib berildi. Ushbu urug‘larning amaliy samarasi dastlabki natijalardanoq namoyon bo‘ldi. Bulung‘ur tumanining Xo‘jamazgil hududidagi 40 gektar maydonga ekilgan urug‘larning hosili yig‘ib olinmoqda. Bu maydonlarda o‘rtacha hosildorlik gektariga 40–50 tonnani tashkil etdi. Respublikamizning turli hududlaridagi aholi tomorqalariga ekilgan mazkur urug‘lardan esa 60 tonnagacha hosil olindi. Kutilganidan ham yuqori natija bergan ushbu sifatli urug‘larning bir qismi endilikda Nishon tumanidagi yangi o‘zlashtirilayotgan maydonlarga ekilmoqda.
Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar bilan ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xorijiy tajriba, zamonaviy texnologiyalar va mahalliy tadbirkorlik salohiyatining uyg‘unligi hududda yangi loyihalarni qisqa muddatlarda amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Nishon tumanidagi yangi o‘zlashtirilayotgan maydonlarda chorva ozuqasini yetishtirish bo‘yicha ham zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilmoqda. Hududda beda va makkajo‘xorining serhosil, yangi navlarini yetishtirish rejalashtirilgan. Jumladan, Italiyadan keltirilgan “Yemilyana” navli beda, AQSH seleksiyasiga mansub “Pioner” navli makkajo‘xori hamda Hindistondan keltirilgan “Afrika tarig‘i” navlarini ekish ko‘zda tutilmoqda.
Bu loyihalar orqali ilgari samarali foydalanilmagan cho‘l hududlarini qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish, suv va boshqa resurslardan oqilona foydalanish, chorvachilik uchun sifatli ozuqa bazasini yaratish hamda urug‘lik kartoshka yetishtirish hajmini oshirish maqsad qilingan.
Sanjar Toshpo‘latov, Iskandar Ismatov, O‘zA