“GEOMIN-2026”: sun’iy intellekt, kritik minerallar va xalqaro hamkorlik
Bugun Toshkent shahrida “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasining birinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi ko‘magida va Xalqaro geofiziklar jamiyati (Society of Exploration Geophysicists - SEG) tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda 26 mamlakatdan 70 dan ortiq tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova hamda Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) prezidenti Rokki Detomo ochib berdi. Ular qayd etganidek, bu kabi xalqaro anjumanlar geologiya va geofizika sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiya va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim maydon hisoblanadi.
“Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya orqali geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur tadbir doirasida foydali qazilmalarni izlash va qidirishda yangi yondashuvlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova qayd etganidek, bugungi kunda mineral sanoati dunyo iqtisodiyoti uchun juda muhim davrni boshdan kechirmoqda. Toza energiyaga o‘tish, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va sun’iy intellektning keng qo‘llanilishi mineral resurslarga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshiryapti.
– Shu bilan birga, siyosiy risklar, savdo cheklovlari, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, iqlim o‘zgarishi va logistikadagi kechikishlar xomashyo resurslariga ishonchli kirishni jahon iqtisodiyotining ustuvor vazifalaridan biriga aylantirmoqda.
Markaziy Osiyo katta mineral resurslar bazasi, qulay geografik joylashuvi va salohiyatli mutaxassislari bilan muhim mintaqa hisoblanadi. Endi investitsiyalar uchun oddiy raqobatdan yangi bosqichga o‘tib, umumiy qiymat zanjirlarini shakllantirish, qidiruv ishlarini hamkorlikda olib borish, texnologik tajriba almashish va umumiy infratuzilmadan samarali foydalanish vaqti keldi.
Dunyoda muhim minerallarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan bir sharoitda mintaqaning strategik ahamiyati ham tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston esa geografik joylashuvi va boy mineral resurslari bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Biz eng yaxshi amaliyotlarni o‘zaro almashish, geologik bilim va ma’lumotlardan birgalikda foydalanish, shuningdek, umumiy infratuzilmani rivojlantirish asnosida mineral resurslarning ishonchli va barqaror manbasini shakllantirishga hissa qo‘shishimiz mumkin. Buning uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va investitsiyalar uchun qulay muhitni yanada rivojlantirish muhim.
O‘zbekiston ana shu jarayonlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga tayyor. Bugun biz uchun nafaqat o‘z mineral resurslarimizni samarali o‘zlashtirish, balki xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish va mintaqaviy qiymat zanjirlarini shakllantirish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi, – dedi F. Hamidova.
Konferensiyaning asosiy mavzusidan kelib chiqib, tadbirda kritik va strategik minerallar, geologiya-qidiruv ishlarida sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlardan foydalanish, zamonaviy geofizik tadqiqotlar va geologik modellashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, istiqbolli mineral resurslarni o‘zlashtirish, investitsiyalarni jalb etish, sohani raqamlashtirish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish hamda ESG tamoyillarini joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasining Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda mamlakatda geologiya va tog‘-kon sanoatida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Yer qa’ridan foydalanishni tartibga solish tizimi takomillashtirilib, bozor mexanizmlari va investitsiyalarni jalb etishning zamonaviy yondashuvlari joriy qilinmoqda, geologik ma’lumotlar va ishlab chiqarish jarayonlari raqamlashtirilmoqda.
Konferensiya doirasida texnologiyalar ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan bo‘lib, unda turli mamlakatlardan texnologiya mutaxassislari ishtirok etmoqda. Mazkur ko‘rgazma va konferensiya doirasidagi muloqotlar mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida tajriba almashish, yangi texnologik yechimlarni o‘rganish va hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda. Misr Mineral resurslar va konchilik sanoati boshqarmasi vakili Aser Abdelazizning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning kritik minerallar sohasida so‘nggi yillarda to‘plagan tajribasi xalqaro hamkorlik uchun ham muhim ahamiyatga ega.
– “GEOMIN”ning ushbu tadbiri O‘zbekistonda o‘tkazilayotganidan xabar topganimizdan buyon Markaziy Osiyo mintaqasi bilan yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Bu yerda, ayniqsa, muhim minerallar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar menda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda muhim minerallarni rivojlantirish bo‘yicha reja va strategiya asosida izchil ishlar olib borilmoqda. Unda, xususan, molibden va volfram kabi minerallarga alohida e’tibor qaratilgan.
Misrda bunday minerallarning yetarli zaxiralari mavjud emas. Shu bois O‘zbekistonning muhim minerallarni o‘rganish va ulardan samarali foydalanish borasidagi tajribasi biz uchun juda qimmatli, – dedi u.
Konferensiyaning amaliy dasturi doirasida ishtirokchilar uchun Qalmoqqir mis koniga texnik tashrif ham ko‘zda tutilgan. Unda mehmonlar konning geologik tuzilishi, geologiya-qidiruv ishlarida qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar hamda konchilik jarayonlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA