Netanyahuning BAAga maxfiy tashrifi tasdiqlanmadi (+video)
VVS nashrining xabariga ko‘ra, Netanyahu idorasi ijtimoiy tarmoqda qisqa bayonot e’lon qilgan. Unda Isroil bosh vaziri va Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti o‘rtasidagi uchrashuv ikki davlat munosabatlarida “tarixiy burilish” yasagani aytilgan.
Reuters agentligi manbasiga ko‘ra, Netanyahu va BAA prezidenti o‘rtasidagi uchrashuv O‘mon chegarasi yaqinida joylashgan Al-Ayn shahrida bo‘lib o‘tgan va bir necha soat davom etgan.
Oradan ko‘p o‘tmay BAA Tashqi ishlar vazirligi Isroil tarqatgan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, vazirlik tegishli rasmiylar tomonidan tasdiqlanmagan “maxfiy tashriflar” yoki “yashirin kelishuvlar” haqidagi har qanday iddao mutlaqo asossiz ekanini bildirdi.
Wall Street Journal nashrining yozishicha, AQSH–Isroil harbiy amaliyoti davomida BAA ham Eronga zarbalar bergan. Xususan, Fors ko‘rfazidagi Lavan orolida joylashgan neftni qayta ishlash zavodi nishonga olingan.
Seshanba kuni AQSHning Isroildagi elchisi Isroil BAAga “Temir gumbaz” havo mudofaa tizimi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni yuborganini tasdiqladi.
“Temir gumbaz” — Isroilning raketa va dronlarni ushlab qolish hamda yo‘q qilishga mo‘ljallangan havo mudofaa tizimi hisoblanadi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, radarlar va raketa uchirish qurilmalarini o‘z ichiga olgan ushbu tizimlar Eron hujumlaridan himoya qilish maqsadida yuborilgan.
BBC muxbirining qayd etishicha, Eron bilan urush Isroil va BAA munosabatlarini yanada yaqinlashtirgan va bu aloqalar endi harbiy tus ham olgan.
Shu sabab Eron bir necha bor BAAga raketa va dronlar uchirgan. Masalan, 10-may kuni BAA Mudofaa vazirligi Erondan uchirilgan ikki dron havo mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi.
Netanyahuning BAA prezidenti bilan yashirin uchrashuvi ana shu voqealar ta’sirida yuzaga chiqqan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.
Taxminan bir oy avval AQSH va Eron o‘rtasida sulh kuchga kirgan edi. Umuman olganda sulh saqlanmoqda, ammo Eron dunyo neft va gaz ta’minotining qariyb 20 foizi tashiladigan Hurmuz bo‘g‘ozini bloklashda davom etmoqda.
Bunga javoban AQSH Eronga qarshi dengiz blokadasini joriy etgan va Tehronni o‘z shartlariga ko‘nishga majbur qilishga urinmoqda.
Yakshanba kuni Eron urushni tugatish shartlari bo‘yicha AQSHga qarshi takliflarini yuborgan. Ammo AQSH prezidenti Donald Tramp ularni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” takliflar deb atadi va sulh buzilishi mumkinligiga ishora qildi.
Eron parlamenti spikeri Muhammad G‘olibof esa X tarmog‘ida mamlakat qurolli kuchlari har qanday tajovuzga javob berishga tayyor ekanini bildirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sD-WgCpZgYw" title="Netanyahuning BAAga maxfiy tashrifi tasdiqlanmadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA