Pekindagi uchrashuv: Xitoy – AQSH munosabatlarida yangi bosqich
Kecha boshlangan AQSH Prezidentining Xitoyga davlat tashrifi xalqaro siyosiy kun tartibidagi eng muhim voqealardan biri sifatida baholanmoqda.
So‘nggi to‘qqiz yil ichida AQSH Prezidentining Xitoyga ilk davlat tashrifi hisoblangan ushbu uchrashuv jahon hamjamiyati diqqat markazida turibdi. Chunki Xitoy va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar bugungi global iqtisodiy tizim, xavfsizlik muhiti hamda xalqaro siyosiy muvozanatga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biri sanaladi.
Mutaxassislar fikricha, davlat rahbarlari diplomatiyasi ikki tomonlama munosabatlarda “barqarorlashtiruvchi omil” vazifasini bajaradi. Pekinda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi muloqot ham siyosiy ishonchni mustahkamlash, mavjud kelishmovchiliklarni nazorat qilish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ayniqsa, savdo-iqtisodiy yo‘nalishdagi muzokaralar muhim ahamiyat kasb etyapti. Xitoy va AQSH dunyoning ikki yirik iqtisodi sifatida global bozorlar barqarorligiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois tomonlar iqtisodiy hamkorlikni “barqarorlik tayanchi” sifatida baholamoqda. Kuzatuvchilar fikricha, Pekindagi uchrashuv yakunida savdo, investitsiya va yuqori texnologiyalar sohasida muayyan kelishuvlarga erishilishi mumkin.
Shu bilan birga, Tayvan masalasi muzokaralarning eng sezgir mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda. Xitoy tomoni ushbu masala mamlakatning asosiy manfaatlari va hududiy yaxlitligi bilan bog‘liq ekanini qat’iy ta’kidlab kelmoqda. Rasmiy Pekin AQSHni “Yagona Xitoy” tamoyiliga amal qilishga chaqirmoqda.
Tahlilchilarning qayd etishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat, xususan, Eron atrofidagi keskinlik ham davlat rahbarlari diqqat markazida bo‘ladi. Global energetika xavfsizligi va xalqaro transport yo‘laklari barqarorligi nuqtai nazaridan mazkur masala yuzasidan muloqot muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda Xitoyning tashqi siyosatdagi faolligi va iqtisodiy salohiyati tobora ortib borayotgani xalqaro munosabatlarda yangi tendensiyalarni shakllantirmoqda. Bu jarayonda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etayotir.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari natijasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, “yashil” energetika va sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investitsiya hamkorlaridan biriga aylandi.
Shu ma’noda, Pekindagi Xitoy – AQSH sammiti nafaqat ikki davlat munosabatlari, balki xalqaro iqtisodiy muhit va mintaqaviy barqarorlikka ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekiston kabi ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritayotgan davlatlar uchun esa dunyodagi yetakchi mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot va barqaror hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Nilufar Bozorova, O‘zA