Navoiy viloyati tajribasi: tibbiyotdagi o‘zgarishlar
Bugun sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiy xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish va aholi uchun uning ochiqligi hamda qulayligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu jarayon Navoiy viloyatida ham tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish orqali izchil davom etmoqda.
Ayni paytda viloyatda 1 118 497 nafar aholiga 295 ta davlat tibbiyot muassasasi xizmat ko‘rsatmoqda. Tizimda 3 829 ta shifo o‘rni, 209 ta reanimatsiya o‘rni mavjud bo‘lib, 2 351 nafar shifokor va 12 303 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda.
Viloyat tibbiy xizmatini tashkil etishda hududning geografik xususiyatlari muhim ahamiyatga ega. Uchquduq, Tomdi va Konimex tumanlari viloyat hududining 84,6 foizini egallasa-da, bu yerda aholining bor-yo‘g‘i 8,2 foizi – 92 037 nafar kishi istiqomat qiladi. Shu bois olis hududlarda tibbiy xizmatning uzluksizligi va tezkorligini ta’minlash alohida yondashuvni talab etadi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, aholiga xizmat ko‘rsatish uchun 155 ta birlamchi tibbiy-sanitariya yordamchi muassasasi, 169 ta ambulator-poliklinika muassasasi, 46 ta tayanch punkt va 78 ta tez tibbiy yordam brigadasi faoliyat yuritgan. Tez tibbiy yordam brigadalari 424 847 ta chaqiruvni bajargan, sanitar aviatsiya tomonidan esa 2 339 ta chaqiruv amalga oshirilgan.
Shu davrda 193 073 nafar bemor statsionar sharoitda, 94 890 nafar bemor kunduzgi statsionarlarda davolangan. Bir shifo o‘rniga yiliga o‘rtacha 50,4 nafar bemor to‘g‘ri kelgan.
Tibbiyot tizimida kasalliklarni erta aniqlash va aholiga yaqin joyda sifatli xizmat ko‘rsatish birinchi navbatda birlamchi bo‘g‘inning salohiyatiga bog‘liq. Shu maqsadda viloyatdagi oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar zamonaviy elektrokardiograf, ultratovush va laboratoriya diagnostika uskunalari bilan ta’minlangan.
Olis va chekka hududlarga ko‘chma mobil diagnostika majmualari jalb qilinib, aholini yashash joyining o‘zida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyati kengaytirilgan.
Prezidentimizning 2025-yil 19-maydagi “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tibbiy xizmatni tashkil etishning yangi modeli tajriba-sinov tariqasida joriy etilgan hududlar qatoriga Xatirchi tumani ham kiritildi. Tumanda 23 ta oilaviy shifokorlik punkti va 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika negizida 33 ta oilaviy poliklinika, jumladan, 25 ta I tip va 8 ta II tip poliklinika tashkil etildi.
Yangi modelning dastlabki natijalari e’tiborga molik: oilaviy poliklinikalarga murojaatlar 30 foizga, oilaviy shifokor qabuliga yozilish 20 foizga oshgan. Shu bilan birga, statsionarga yotqizish 12 foizga, yuqori bo‘g‘inga yo‘llanmalar va tez tibbiy yordam chaqiruvlari 22 foizga kamaygan.
Tizimda inson kapitali ham e’tibordan chetda qolmayapti. Xatirchi tumanida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida faoliyat yurituvchi shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari 432 soatlik maxsus dastur asosida o‘qitildi.
Tibbiyot muassasasini zamonaviy apparatlar bilan ta’minlashning o‘zi yetarli emas. Ularni samarali ishlata oladigan, zamonaviy diagnostika usullarini o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlash ham muhim.
So‘nggi yillarda Navoiy viloyatidan yuzlab shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari respublikadagi yetakchi ilmiy markazlar, shuningdek, Rossiya, Belarus, Turkiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Yangi uskunalarni ishga tushirish jarayonida xorijiy ekspertlar ishtirokida mahorat darslari va amaliy treninglarning tashkil etilishi esa texnologik yangilanishni kadrlar salohiyati bilan uyg‘unlashtirmoqda.
Zamonaviy tibbiyotni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Navoiy viloyatida ham soha raqamlashtirilib, yagona raqamli sog‘liqni saqlash operatori – DMED tizimidan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Tizim orqali bemorlar shifokor qabuliga onlayn yozilishi, elektron tibbiy kartasi va retseptlarini ko‘rishi mumkin. Tibbiyot xodimlari uchun esa bemor ma’lumotlarini yagona bazada yuritish, elektron retsept va ma’lumotnomalarni rasmiylashtirish imkoniyati yaratilmoqda. Shifoxona va dorixonalarda ombor, moliya, laboratoriya natijalari hamda elektron retseptlar bilan bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtirish tibbiy xizmatning tezkorligi va shaffofligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, hududi katta va aholisi siyrak joylashgan Navoiy viloyati uchun telemeditsina imkoniyatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Olis qishloqlardagi tibbiyot muassasalaridan murakkab holatlar bo‘yicha viloyat va respublika markazlari mutaxassislari bilan onlayn konsiliumlar o‘tkazish, masofadan yuqori malakali tavsiyalar olish imkoniyati tibbiy yordamning hududiy tengligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyati tajribasi tibbiyotni modernizatsiya qilish faqat yangi bino yoki zamonaviy apparatlar bilan cheklanmasligini ko‘rsatmoqda. Samarali natija infratuzilma, malakali kadr, raqamli texnologiya va birlamchi tibbiy xizmatni kuchaytirishning o‘zaro uyg‘unligi orqali ta’minlanadi.
Ayniqsa, Xatirchi tumanidagi yangi model natijalari – murojaatlarning 30 foizga oshishi, statsionarga yotqizishning 12 foizga va yuqori bo‘g‘inga yo‘llanmalar hamda tez yordam chaqiruvlarining 22 foizga kamayishi – birlamchi bo‘g‘inni kuchaytirish aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishini ko‘rsatmoqda.
Shu ma’noda, Navoiy viloyatida zamonaviy jihozlash va raqamlashtirish jarayonlari nafaqat tibbiyotning texnologik qiyofasini o‘zgartirmoqda, balki aholi salomatligini muhofaza qilishning yanada samarali, tezkor va ochiq tizimini shakllantirishga zamin yaratmoqda.
Vali To‘raqulov,
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati.
O‘zA