Navoiy davlat pedagogika instituti kampusi barpo etiladi
Navoiy davlat pedagogika instituti tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun press- tur tashkil etildi.
Bugungi kunda institutda 11 ta fakultet, 31 ta ta’lim yo‘nalishi, 18 ta magistratura mutaxassisligida jami 20 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Dastlab press- tur ishtirokchilari oliygohning Axborot- resurs markazida bo‘lishdi. Bu yerda turli mavzulardagi adabiyotlar soni 127 ming donani tashkil etib, 43 ming donasi darslik, o‘quv qo‘llanmadir. Birgina 2023-yil davomida kutubxona fondi 11 ming dona yangi adabiyotlar bilan boyitilgan.
Kutubxonada infokiosk bo‘lib, unda barcha adabiyotlar jamlangan. Foydalanuvchilar o‘zlariga kerakli bo‘limga kirgan holda adabiyotlarni tanlashi mumkin.
[gallery-16780]
– Institutimizda 300 nafarga yaqin ko‘zi ojiz va nogironligi bo‘lgan talaba tahsil oladi. Shuning uchun bu yerda ko‘zi ojizlar talabalar uchun ham adabiyotlar mavjud, – deydi ARM direktori o‘rinbosari Lobar Mansurova. – Kutubxonamizda 2-yil oldin ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun alohida xona tashkil etilib, kompyuterlar bilan jihozlangan. Bu yerda foydalanuvchilar qanday harakatni amalga oshirishmasin, ovozlashtirilgan. Ular kerakli faylni tanlashi va quloqchinlar orqali eshitgan holda kitoblardan foydalanishi mumkin.
Institutda 8 ta o‘quv binosi, 5 ta ochiq, 4 ta yopiq sport zali mavjud. Talabalar, o‘qituvchilar ushbu sport zallaridan hoxlagan paytlarida foydalanishi mumkin. Bugungi kunda Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari orasidan ko‘plab O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionlari va sovrindorlari yetishib chiqishgan.
– Talabalarimiz uchun sport va jismoniy tarbiya bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berilgan, – deydi fakultet dekani Abduxoliq Nurullayev. – Mavjud sport maydonchalarimizdan nafaqat talabalarimiz, balki Navoiy shahridagi mahallalar yoshlari ham tekin foydalanishi mumkin. Ular har kuni kech soat 10.00gacha sport bilan shug‘ullanish imkoniga ega. Tashkil etiladigan turli musobaqalarda qatnashishi mumkin. Shuningdek, talabalarimiz yonginamizda joylashgan Olimpiya zaxiralari kollejining sport zallaridan ham foydalanadi. Ular bilan hamkorlik kelishuvimiz mavjud.
Bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri talabalarni turarjoy bilan ta’minlashdir. Ayni paytda institutda 1280 o‘ringa mo‘ljallangan 4 ta talabalar turarjoyi mavjud,
– 2019-yilgacha institutimizda 800 o‘rinli 3 ta talabalar turar joyi bor edi, – deydi institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Xurshid Qurbonov. – Hukumatimizning tegishli topshirig‘iga asosan yotoqxonadagi karavotlar ikki yarusliga aylantirilib, 1280 o‘ringa yetkazildi. Prezidentimizning 2022-yil noyabr oyidagi viloyatimizga tashrifidan keyin Navoiy kon-metallargiya kombinati tomonidan 150 o‘ringa mo‘ljallangan o‘g‘il va qizlar uchun alohida bo‘lgan ikkita yengil konstruksiyali yotoqxona qurib berildi. Yotoqxonadagi har bir xona 2-3 kishilik bo‘lib, barcha sharoit yaratilgan. Xonalarda isitish va sovutish tizimi mavjud. Oshxona, yuvinish xonalari, mo‘jazgina kutubxona, xullas, barcha sharoit muhayyo qilingan. Ayni paytda talabalarni joylashtirish ishlari olib borilmoqda.
Institutning Tabiiy fanlar fakultetida maxsus laboratoriya mavjud bo‘lib, u yerda o‘qituvchilar va talabalar ilmiy izlanishlar olib borishadi. Laboratoriya eng so‘nggi jihozlar bilan jihozlangan.
– Kafedramizda ikki nafar o‘qituvchi gazli xironometografiya uskunalarini ishlatish bo‘yicha Toshkent shahrida ochilgan maxsus kursda o‘qib kelishgan, – deydi kimyo kafedrasi mudiri Kamoliddin Hamroyev. – Xironometografiya uskunasining zamonaviyligi shundagi, oldingi uskunalarda azot maxsus idishlarda olib kelinib foydalanilgan bo‘lsa, bunda havodagi azot olinib, ishlatiladi. Ya’ni ishlab chiqarish korxonalariga murojaat qilingan holda mahsulot sotib olib kelinmasdan, havodan azot ajratib olinib, ishlatiladi.
Shu kunlarda San’atshunoslik fakulteti talabalari tomonidan Navoiy shahridagi San’at galereyasida ko‘rgazma tashkil etish jarayoni ketmoqda. Press- tur ishtirokchilari bu yerda talabalarning ijodiy ishlari bilan tanishdi.
– O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga qarashli mazkur San’at galereyasi biz talabalar uchun tajriba maydonini o‘tab bermoqda, – deydi 3-bosqich talabasi Dilnura G‘afforova. – Bugun biz “Jadidlar barhayot” mavzusida amaliy mashg‘ulot o‘tayapmiz. Har bir talabaga jadid bobolarimiz obrazini yaratish topshirig‘i berilgan. Ishlagan kompozitsiyalarimiz yaqinda bo‘lib o‘tadigan tasviriy va amaliy san’at festivali kunlarida tashkil etiladigan ko‘rgazmada namoyish etilishi rejalashtirilgan .
Press- tur ishtirokchilari institutning yoshlar yetakchisi, koordinatorlar va profilaktika inspektorlariga yaqindan ko‘maklashish maqsadida tuzilgan “Qalqon” jamoasi faoliyati bilan tanishdi va yoshlar bilan yaqindan muloqot qilishdi. Shuningdek, institut qoshida tashkil etilgan “Qatag‘on qurbonlari” muzeyida bo‘lishib, eksponatlar, tarixga oid qo‘lyozmalar, qatag‘on qilingan shaxslar va qatag‘on siyosati davriga doir hujjatlarni ko‘zdan kechirishdi.
Press- tur yakunida institut rektori Bahodir Sobirov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Navoiy davlat pedagogika institutida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar xususida ma’lumot berildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyundagi “Navoiy davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2023-2027-yillarda Navoiy shahrining “Yoshlik” MFY hududidan ajratilgan 15 gektar yer maydonida Navoiy davlat pedagogika instituti kampusi barpo etilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda qurilish ishlari boshlab yuborilgan, – deydi B.Sobirov. – 2027-yilga qadar 12 ming o‘rinli o‘quv binolari, 2 ming 400 o‘rinli talabalar turarjoylari, sport inshootlari, amfiteatr, sayilgoh va zamonaviy o‘quv laboratoriyalariga ega “Kampus” qurib bitkaziladi. Kampusni barpo etish xarajatlari institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shu jumladan, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, mavjud bino va inshootlarini auksion orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan sarflanadi. Shuningdek, kampus hududigacha tashqi ichimlik va oqova suv, elektr, gaz, aloqa ta’minoti tarmoqlari va inshootlari hamda yo‘llar qurilishi xarajatlari mas’ul vazirlik va idoralar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Kampusning issiq suv iste’moli hajmining kamida 25 foizi ushbu obyektda o‘rnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanadi.
Talabalar va professor-o‘qituvchilarga qulay bo‘lishi uchun kampus joylashgan hudud bilan Navoiy shahar markazini bog‘lovchi qo‘shimcha jamoat transporti yo‘nalishi tashkil etiladi.
Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting agentligi tomonidan e’lon qilingan reytingida Navoiy davlat pedagogika instituti 1001+ o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, “Osiyo universitetlari reytingi – 2023” natijalariga ko‘ra “Reportyor” maqomiga ega bo‘ldi.
Matbuot anjumanida OAV vakillari va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari