Endilikda ayrim mahbuslar kitob o‘qish orqali jazo muddatini qisqartirishi mumkin
Huquqiy munosabat
Ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 73-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan shaxslar ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tash davrida unga tayinlangan jazoni o‘tash muddati qisqartirilishi mumkin.
Xo‘sh, bundan umrbod ozodlikdan mahrum etilganlar ham foydalanishi mumkinmi?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva quyidagicha tushuntirish berdi:
–Qonunchilikka ko‘ra, bundan umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar mustasno.
Shuningdek, qisqartirish sharti shundaki, mahbus to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qigan bo‘lishi kerak.
Jazo muddati har bir o‘qilgan kitob uchun — 3 kun, bir yil davomida — ko‘pi bilan 30 kungacha qisqartirilishi mumkin.
Kitob o‘qilgani mahbusning arizasi asosida, muassasa xodimlari va jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan aniqlanadi.
Komissiya yig‘ilishi yiliga kamida 2-marta o‘tkaziladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA