Navbatdagi bitiruv tadbiri o‘tkazildi (+video)
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakultetida “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan 147 nafar tinglovchining bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Institut rahbariyati, fakultet professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari hamda tinglovchilar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam ravishda takomillashtirib borish, ularni xizmat vazifalarini yuqori darajada bajarishga tayyorlash, ayniqsa, murakkab va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri hamda tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘quv jarayoni davomida tinglovchilar “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamlash bilan bir qatorda, maxsus-taktik harakatlar, murakkab vaziyatlarda harakatlanish va xizmat vazifalarini samarali bajarishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdilar.
Bitiruv tadbirida so‘zga chiqqanlar tinglovchilarning o‘quv jarayonidagi ishtiroki va erishgan natijalarini e’tirof etib, ularga kelgusi xizmat faoliyatida muvaffaqiyat tiladilar.
Tadbir yakunida kursni muvaffaqiyatli tamomlagan 147 nafar tinglovchiga “kichik serjant” maxsus unvoni va diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Shu tariqa, navbatdagi o‘quv kursi ham tinglovchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, amaliy tayyorgarligini mustahkamlash va xizmat vazifalarini samarali bajarish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.
M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev.O‘zA