Bilimlar sari ochilgan yo‘l
Iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar, xalqaro ta’lim sari dadil qadamlar va kelajakka ishonch. “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari"ning bosh g‘oyasi ana shulardan iborat.
5-oktabr kuni mamlakatimizning bir qator hududlarida yoshlar uchun muhim tashabbusga start berilgan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida boshlangan “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari” doirasidagi uchrashuvlar yoshlarning xalqaro ta’lim imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni yangi marralar sari ruhlantirish va iqtidorini ro‘yobga chiqarishga qaratildi.
Tadbirlarda maktab o‘quvchilari, talabalar, mahalla yoshlari va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Ochiq muloqotlar nafaqat yuzma-yuz, balki onlayn formatda ham tashkil etildi. Bu esa chekka hududlarda yashayotgan yoshlarga ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, xalqaro ta’lim dasturlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Uchrashuvlar davomida “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari yoshlarga xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qish, ochiq stipendiya tanlovlarida qatnashish, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va tanlov jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ayniqsa, xorijda tahsil olishni istagan yoshlar uchun stipendiya dasturlari, hujjatlarni tayyorlash, tanlov bosqichlariga puxta hozirlik ko‘rish hamda ta’limdan keyingi kasbiy istiqbollar bilan bog‘liq masalalar katta qiziqish uyg‘otdi.
Muloqotlarda yana bir muhim jihatga alohida e’tibor qaratildi: xalqaro ta’lim imkoniyatlari faqat yirik shaharlarda yashovchi yoki muayyan ijtimoiy imkoniyatlarga ega yoshlar uchun emas. Aksincha, bilim olishga intilgan, maqsadi aniq va salohiyatli har bir yosh uchun imkoniyatlar eshigini ochish tashabbusning asosiy vazifalaridan biridir.
[gallery-31913]
Jamg‘arma stipendiatlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar esa tadbirlarning eng ta’sirchan jihatlaridan biri bo‘ldi. Xorijda ta’lim olish tajribasi, yangi muhitga moslashish, ilmiy izlanishlar va kasbiy rivojlanish haqidagi fikr-mulohazalar yoshlarga xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topish mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Zero, bugun olingan bilim ertangi taraqqiyotga xizmat qiladi. Xorijda orttirilgan tajriba esa mamlakatimiz iqtisodiyoti, davlat boshqaruvi, tibbiyot, muhandislik, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va ilm-fan sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga zamin bo‘ladi.
Raqamlar ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yaqqol namoyon etadi. 2018-2025-yillarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2 ming 300 nafarga yaqin yosh dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida xalqaro tajriba orttirish uchun yuborildi. Ularning 1 ming 600 nafardan ziyodi O‘zbekistonga qaytib, turli sohalar rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
2025-2026-yillarda o‘tkazilgan ochiq stipendiya tanlovlarida esa 447 nafar yosh “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. E’tiborlisi, g‘oliblarning 80 foizi dunyoning TOP-100 universitetlariga qabul qilingan.
Bu ko‘rsatkichlar yoshlarga investitsiya kiritish, ularning bilim va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash mamlakat kelajagiga xizmat qilishini tasdiqlaydi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari” doirasidagi tadbirlar 15-oktabrga qadar respublika bo‘ylab davom etadi. Oldinda yana ko‘plab uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va yangi imkoniyatlar bor.
Bugun yoshlar uchun ochilayotgan ta’lim eshiklari istiqbolda O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘yilayotgan mustahkam qadam. Chunki mamlakatning eng katta boyligi – bilimli, tashabbuskor va o‘z kelajagiga ishongan yoshlar.
Toshkent shahridagi Prezident maktabida «El-yurt umidi» jamg‘armasi kunlari” doirasida yoshlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident maktabi o‘quvchilari bilan bir qatorda, poytaxtdagi 27-, 98-, 142-, 171- va 241-sonli umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ham qatnashdi.
Onlayn formatda tashkil etilgan muloqotga 20 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi talabalari ham qo‘shildi. Umuman, tadbir orqali 1,5 mingdan ziyod yosh dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni xalqaro ta’lim imkoniyatlari bilan tanishtirish, ularning bilim va salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, xorijiy oliygohlarda tahsil olishga bo‘lgan qiziqishini oshirishdan iborat. 5-oktabrdan buyon «El-yurt umidi» jamg‘armasi kunlari” doirasida yoshlar bilan 30 dan ortiq uchrashuv va ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida tashkil etildi.
Oflayn va onlayn formatlarda o‘tayotgan muloqotlar yuqori sinf o‘quvchilari, talabalar, yosh mutaxassislar hamda mahalla yoshlarini qamrab olmoqda. Hozirga qadar mazkur tadbirlarda jami 40 mingga yaqin yosh ishtirok etdi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning xalqaro ta’lim dasturlari haqidagi bilimlarini kengaytirish, ularni yangi imkoniyatlardan samarali foydalanishga yo‘naltirish va kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun zarur ma’lumotlarni yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA