“Navbahor” mavqeini mustahkamlamoqda
Futbol bo‘yicha mamlakat milliy chempionatining Superligasi tobora hayajonli va hal qiluvchi pallasiga kirib bormoqda. Har bir turda qayd etilgan kutilmagan natijalar musobaqaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirayotgani bor gap.
Sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan “Navbahor” jamoasi 25-turning yakunlovchi uchrashuvida safarda mahalliy “Xorazm” klubiga qarshi kuch sinashdi.
O‘yin kutilmaganda tezkor gol bilan boshlandi. Mezbonlar vakili Abror Husinov "Lochinlar" hujumini qaytarish chog‘ida o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. 35-daqiqada terma jamoamiz a’zosi Husayn Norchayev gol urib, hisobni yanada oshirdi.
"Elita"dan tushish xavfida turgan vohaliklar ikkinchi taymda o‘yin sur’atini o‘zgartirishga urindi. Natijada legioner Rafael Tavaresh muvozanatni qisqartirdi. 1:2. Ushbu hisob bahs yakunigacha o‘zgarmadi. Darvoqe, ushbu turda eng ko‘p xavfli zarbalarni bergan aynan “Navbahor” bo‘lganligi diqqatga molik.

Shu tariqa, "Navbahor" ochkolar sonini 49 taga yetkazib, uchinchi o‘rindagi mavqeini mustahkamladi hamda o‘z maydonida peshqadam va amaldagi chempion “Neftchi” klubiga yutqazgan ikkinchi o‘rindagi “Paxtakor” jamoasi (53) bilan farqni qisqartirdi.
Temur Kapadze shogirdlari navbatdagi turni 31-oktabr kuni o‘z maydonida “Andijon” jamoasini qabul qilishadi.

Darvoqe, mamlakat kubogining yarim final uchrashuvlari manzili va sanasiga aniqlik kiritildi. Professinal futbol ligasining xabariga ko‘ra, yarim final o‘yinlari 2026-yil 24-noyabr kuniga belgilandi. Unda "Lokomotiv" va "Andijon" o‘rtasidagi uchrashuvga Olmaliq shahri mezbonlik qilsa, "Navbahor" va "OKMK" uchrashuvi Toshkentdagi "Lokomotiv" stadionida o‘tkaziladi.
Final uchrashuvi Superliganing 30-turidan so‘ng o‘tkaziladi. Agarda yarim finalda vodiy jamoalarining qo‘li baland kelsa, kubokning hal qiluvchi uchrashuvi Farg‘ona shahridagi "Istiqlol" stadionida bo‘lib o‘tadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri