Nukusda III xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkaziladi
Joriy yilning 3-10-noyabr kunlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri dunyoning 32 ta mamlakatidan tashrif buyuradigan yosh kimyogarlarni birlashtiradi.
Uchinchi marotaba o‘tkaziladigan Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi (ARBIChO) maktab o‘quvchilarining kimyo faniga oid nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan nufuzli xalqaro bilimlar bellashuvidir.
Olimpiada tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2023-yili Xiva shahrida o‘tkazilgan ilk olimpiadada 15 ta davlatdan 130 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tgan yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan II xalqaro olimpiadada 16 ta davlatdan 115 nafar yosh kimyogar o‘zaro bellashdi. Joriy yilda Nukusda o‘tkaziladigan III xalqaro olimpiada 32 ta mamlakat vakillarini bir maydonda jamlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu xalqaro olimpiada oltin medal sohibiga – 12 BHM (5 million 280 ming so‘m), o‘qituvchisiga – 50 BHM (22 million so‘m), kumush medal sohibiga – 8 BHM (3 million 520 ming so‘m), o‘qituvchisiga – 35 BHM (15 million 400 ming so‘m), bronza medal sohibiga – 6 BHM (2 million 640 ming so‘m), o‘qituvchisiga – 30 BHM (13 million 200 ming so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri