Narko-kurer qo‘lga tushdi
Xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali giyohvandlik moddalarini transchegaraviy tarzda olib kirishga qaratilgan urinishlarning oldini olish maqsadida respublikamiz bojxona organlari tomonidan doimiy ravishda tezkor profilaktik va nazorat tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, yaqinda “Toshkent-AERO” IBK Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi xodimlari tomonidan “Elektron tijorat” TIF bojxona posti hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda xalqaro Kurerlik jo‘natmasi orqali giyohvandlik vositalarini noqonuniy ravishda olib kirishga urinish fosh etildi va bartaraf qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Tailanddan yuborilgan jo‘natmalardan birida hujjatlarga ko‘ra quruq meva va shirinliklar bo‘lishi lozim edi. Biroq, bojxona nazorati jarayonida jo‘natma tarkibidagi qadoqlangan yong‘oqlar xodimlarning shubhasini uyg‘otdi. Chunki oddiy yong‘oqlar mamlakatimizda ham yetarli bo‘lib, ularni bunday shaklda xorijdan yuborish mantiqan asoslanmagan holat sifatida baholandi.
Shubhalar natijasida o‘tkazilgan chuqur tekshiruv davomida yong‘oqlarning ayrimlari ichiga giyohvandlik moddalari mohirona yashirilgani aniqlandi.
Poytaxtimiz Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu jo‘natmani qabul qilib olish uchun kelgan 43 yoshli fuqaro ham qo‘lga olindi.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasining sud-ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 120 dona yong‘oq ichiga yashirilgan modda umumiy og‘irligi 285,4 grammni tashkil etuvchi “marixuana” giyohvandlik vositasi ekani tasdiqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan “Toshkent-AERO” IBKning Surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho‘’basi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish tegishli tergov organlariga yuborilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA