Qaynonam – onam
Urganch davlat tibbiyot institutida 15-may – “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan ana shunday nomlangan tadbir o‘tkazildi.
Oliygohning xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda oila qadriyatlarini mustahkamlash, kelin-qaynonalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni rivojlantirish hamda talaba-qizlarning ta’lim olishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni keng jamoatchilikka yetkazish haqida so‘z bordi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-qizlar hamda ularning qaynonalari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan oliygoh rektori Rashid Ro‘zboyev qaynonalarning oila muhitida tutgan muhim o‘rni, ayniqsa, talaba-qizlarning bilim olish jarayonida ularning qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kelinlariga ta’lim olishlari, kasbiy rivojlanishlari va kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun sharoit yaratib berayotgan barcha qaynonalarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
– Bugungi tadbir talaba kelinlar uchun juda muhim edi, – deydi ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Zaynab Abidova. – Institutda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ta’lim jarayonidagi yangiliklar, grant asosida ta’lim olish imkoniyatlari, shuningdek, magistratura, klinik ordinatura va doktorantura bosqichlari haqida qaynonalarga ham kelinlarga ham batafsil ma’lumot berildi. Bu esa kelgusida oilada bo‘lishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini oladi. Talabalarimizning kelgusi faoliyatini yanada yaxshilanishida turtki bo‘ladi.
Mazkur ochiq muloqot oila va ta’lim muassasasi hamkorligini mustahkamlash, talaba-qizlarning ilmiy va kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri