Nanayga «Turizm qishlog‘i» maqomi berildi
FOTOREPORTAJ
Vodiyda ilk bor Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘iga «Turizm qishlog‘i» maqomi berildi.
O‘zining so‘lim, maftunkor tabiati bilan nom qozongan Nanay qishlog‘ida turizmni rivojlantirish, sayyohlarga sharoit yaratish maqsadida so‘nggi 5 yil davomida 150 dan ortiq mehmon uyi, 2 ta xostel, 15 ta umumiy ovqatlanish joyi tashkil etilib, 30 million AQSH dollarilik turizm xizmatlari eksporti amalga oshirildi.
[gallery-19055]
Joriy yilning o‘zida 18 ta turizm ob’ekti barpo etilib, 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘tgan 8 oy davomida Nanayga 20 mingga yaqin xorijiy, 220 mingdan ortiq mahalliy turist tashrif buyurdi.
Hozirgi kunda qishloq hududida 30 million AQSH dollarilik 87 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, “Ko‘ksaroy sayyoh” MCHJ tomonidan osma ko‘prik, dor yo‘li hamda yozgi sirpanchiq yo‘lakchasi yo‘lga qo‘yilib, sayyohlarga qulayliklar yaratildi.
Shuningdek, Investitsiya dasturiga asosan, «Do‘stlik» va «Soy bo‘yi» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Podshoota soy qirg‘og‘ida 1,3 kilometr salomatlik yo‘lakchalari bunyod etildi. Barpo etilgan 7 ta sun’iy sharshara esa qishloqning turistik jozibasini yanada oshirdi.
Bugun qishloq markazida o‘tkazilgan tadbirda Turizm qo‘mitasi tomonidan Nanayga «Turizm qishlog‘i» maqomi berilgani e’lon qilindi.
Tadbir davomida bayramga tuhfa sifatida loyiha qiymati 6 milliard so‘mlik «Guli farm» MCHJga karashli xostel, hamda 3 milliard so‘m evaziga barpo etilgan zamonaviy mehmon uyi foydalanishga topshirildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA