Namanganlik ziyoratchilar Haj safariga yo‘l oldi
Muborak Haj safariga borish, tabarruk Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘’min-musulmonning ma’naviy ehtiyoji, ezgu orzusidir. Mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik natijasida minglab vatandoshlarimiz Haj amallarini emin-erkin ado etish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.
Vodiy havo darvozasi hisoblangan Namangan xalqaro aeroportidan 6-may kuni “Haj-2026” dasturi doirasida “Namangan-Madina” yo‘nalishida ilk parvoz Saudiya Arabistonining "FlyAdeal" aviakompaniyasining “Airbus-330” rusumli havo kemasi orqali amalga oshirilib, unda Namangan viloyatining Chortoq, Norin, Pop, Mingbuloq va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridan 350 nafar ziyoratchi muqaddas zaminga jo‘nab ketdi.
Bu yilgi Haj ziyoratiga o‘n besh ming nafar o‘zbekistonlik yo‘l olmoqda. E’tiborlisi, joriy Haj mavsumida Namangan viloyatidan 1 ming 730 kishi safarga boradi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 82 nafarga ko‘p demak. Ziyoratchilarni kuzatish bilan bog‘liq tadbirlar namunali tashkil etildi. Robbining bayti sari yo‘l olayotgan, orzulari ushalgan hamyurtlarimiz eson-omon ziyorat qilib kelishni so‘rab, xayrli duolar qilishgan bo‘lsa, kuzatuvchilar esa, Ka’batullohga borish ularga ham nasib etishini dillariga tugishdi.
“Namangan xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariyati joriy yildagi Haj mavsumida Namangan shahridagi aeroportdan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari ziyoratchilarini Madinai munavvaraga yetkazish uchun 6 ta aviareys rejalashtirilganini ta’kidladi. Har bir reysda o‘rtacha 330-350 nafardan yo‘lovchini muazzam manzilga yetkazish hamda ziyorat yakunlangach ona yurtimizga qaytarib olib kelish mo‘ljallangan.Qaytish reyslari esa, "Uzbekistan Airways" avikompanisiga tegishli havo bortlari orqali bajariladi.
Qayd etish o‘rinliki, ziyoratchilarga Madina va Makka shaharlarida barcha sharoitga ega bo‘lgan zamonaviy mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasidan biriktirilgan imom-xatiblar va malakali shifokorlar hamrohlik qiladi.
– Uzoq yillar davomida qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalarida mehnat qilganman. Buning ortidan besh nafar farzandimni uy-joyli qildim. Yetmish ikki yoshimda Yaratganning inoyati bilan muqaddas Haj ziyoratiga otlanish nasib qilib turibdi, – deydi Chortoq tumani Oraariq mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi G‘ofurjon Husainov. – Yangi O‘zbekistonda qabul qilingan yangi konsepsiya asosida diniy bag‘rikenglikka alohida e’tibor qaratilgani tufayli Haj va Umra ziyoratlariga borish yanada oson bo‘ldi. Har yili millionlab o‘zbekistonliklar muqaddas ziyoratlarga xursandchilik bilan borishmoqda. Shuni aytishim kerakki, qutlug‘ ziyoratga tayyorgarlik ko‘rish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, muborak safar bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish singari jarayonlar tashkilotchilar tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi. Inshaalloh, ziyorat davomida Vatanimizga tinchlik va taraqqiyot, xalqimizga farovonlik, dehqonchiliklarga barakot tilab, duolar qilamiz.
Ziyoratchilarni kuzatish marosimida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Hotamov, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA