7-may — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni
Bugun dunyoda qaysi davlat raqamli texnologiyalarga tayansa, o‘sha jamiyat tezroq rivojlanmoqda. Chunki texnologiya endi faqat internet yoki dastur emas — u iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, xavfsizlik va davlat boshqaruvining muhim qismiga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham raqamlashtirish yo‘nalishida katta qadamlar tashlanmoqda. Davlat xizmatlarining elektron shaklga o‘tayotgani, IT-Parklar, startaplar, sun’iy intellekt, data markazlar va raqamli platformalar soni ortib borayotgani bu sohadagi o‘zgarishlarning amaliy natijasi.
Eng muhimi, bugun axborot texnologiyalari sohasi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ilgari faqat xorijda mavjud deb qaralgan ko‘plab IT kasblar endilikda mamlakatimizda ham rivojlanyapti. Dasturchi, kiberxavfsizlik mutaxassisi, grafik dizayner, AI muhandisi kabi kasblar yangi avlod tanloviga aylanmoqda.
Albatta, raqamli taraqqiyot faqat texnika bilan emas, inson kapitali bilan belgilanadi. Shu bois bugun sohada bilimli, tashabbuskor va zamon bilan hamnafas kadrlarga ehtiyoj har qachongidan yuqori.
7-may — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni nafaqat kasb egalari bayrami, balki mamlakatning raqamli kelajagini yaratayotgan insonlar mehnatiga berilgan e’tirofdir.
N.Rahmonova,
O‘zA