Nukusda harbiylar uchun zamonaviy uylar foydalanishga topshirildi
Vatan ostonadan boshlanadi, deganlaridek, davlat chegarasi mamlakatimizning muqaddas darvozasi, uni qo‘riqlaydigan harbiylar esa tinchligimizning qalqonidir.
Bugun ana shunday mard va fidoyi insonlarning oilasiga quvonch ulashgan yana bir qutlug‘ voqea barchamizni to‘lqinlantirib yubordi. Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu bosh g‘oya yurak va ongimizga singgan shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab bayram shukuhi ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun qad rostlagan 60 ta zamonaviy xizmat xonadonining tantanali topshirish marosimi chinakam shodiyonaga aylandi.
Bayram nafasi ufurib turgan maydonda jaranglagan orkestr sadolari ostida yangi uylarning kalitlari egalariga topshirilar ekan, har bir harbiyning yuzidagi mag‘rurlik va cheksiz quvonchni ko‘rib, yurtimizda inson qadri naqadar ulug‘lanayotganiga yana bir bor guvoh bo‘lasiz. Eng muhimi, harbiylarning turmush o‘rtoqlari bandligini ta’minlash maqsadida barcha qulayliklarga ega to‘liq jihozlangan tikuvchilik sexi hamda bolajonlar uchun zamonaviy o‘yin maydonchalari foydalanishga topshirilgani bunyodkorlikka qo‘shilgan yana bir go‘zal tuhfa bo‘ldi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Nukus shahri hokimligi mas’ullari, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi vakillari, nuroniylar va faollar ishtirok etib, yig‘ilganlarni eng ulug‘ ayyom bilan qutlashdi.
Unda so‘z olganlar davlatimiz rahbari boshchiligida Qurolli Kuchlar tizimini rivojlantirish, harbiylarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan mislsiz islohotlar bugun o‘z mevasini berayotganini alohida ta’kidladilar.
Yangi xonadon sohiblarining quvonchga to‘lib aytgan quyidagi so‘zlari bu haqiqatning amaliy tasdig‘idir:
— Avvallari ijarama-ijara sarson yurib, ko‘chib yurishlar qanchalik mashaqqatli edi. Istiqlolimizning 35 yilligi arafasida Yurtboshimizning bizga taqdim etgan bunday ulkan tuhfasi har birimizning oilamizga ko‘rsatilgan cheksiz g‘amxo‘rlikdir. Zamonaviy, barcha sharoitlarga ega uy, bolalarimiz uchun xavfsiz o‘yin maydonchalari, qolaversa, oilamdan xotirjam bo‘lgan holda o‘z jangovar xizmatimizni o‘taymiz. “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘z faoliyatimiz va oilaviy hayotimiz bilan amalda isbotlab, sarhadlarimizni ko‘z qorachig‘idek qo‘riqlaymiz. Bizga ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tibor uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Bosh qo‘mondonidan cheksiz minnatdormiz,— deydi harbiy xizmatchilar.
Darhaqiqat, bugungi kunda sarhadlarimiz chegarasida xizmat qilayotgan har bir mard o‘g‘lonning oilasi tinch va obod ekan, yurtimiz mustaqilligi ham abadiy, osmonimiz musaffo bo‘laveradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri