Namanganda jahon bozori uchun raqobatbardosh tikuv mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatidagi “Iftixor kiyim sanoat” klasterida jahonning mashhur brendlari buyurtmalari asosida tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada tikilgan kiyimlar Yevropa mamlakatlari bozorlariga eksport qilinmoqda.
Klasterda “xomashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida ish tashkil etilgan bo‘lib, paxta yetishtirishdan tortib, ip-kalava, mato va tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik jarayon yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-30831]
Umumiy qiymati 185 million yevro bo‘lgan loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichlari foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda korxonada 2 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
Korxona rahbariyati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida 10 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilib, qariyb 700 ming dona erkaklar va ayollar kiyimlari tayyorlandi. Germaniya, Polsha, Turkiya, Misr, Xitoy va Rossiyaga jami 10 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50 foizga oshdi.
Shuningdek, klaster tomonidan Norin, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Mingbuloq va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi 400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan fyuchers shartnomalari asosida paxta xomashyosi qabul qilinmoqda.
Suratlarda: “Iftixor kiyim sanoat” klasteridagi ishlab chiqarish jarayonlari.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA