Diplomatik protokol va etiket qoidalari haqida yangi qo‘llanma nashrdan chiqdi
Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat boshqaruvi kafedrasi katta o‘qituvchisi Nurillo To‘xtasinov hamda mazkur universitetning 4-bosqich talabasi, Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Muhammadnur Murodxonov hammuallifligida tayyorlangan “Boshqaruvchilar uchun diplomatik etiket” nomli o‘quv qo‘llanma nashr etildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tayyorlangan ushbu o‘quv qo‘llanma davlat organlari xodimlari, rahbar kadrlar hamda xalqaro hamkorlik jarayonlarida faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Qo‘llanmada diplomatiya va diplomatik xizmatning nazariy asoslari, diplomatik protokol va etiket qoidalari, rasmiy tashriflarni tashkil etish, xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish, muzokaralar madaniyati, nutq etiketi, shuningdek, zamonaviy diplomatik muloqotning amaliy jihatlari keng tarzda yoritilgan.
Qo‘llanmaning muhim ilmiy-amaliy yangiliklaridan biri shundaki, unda xalqaro diplomatik huquqning asosiy manbalari hisoblangan “Diplomatik munosabatlar to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasi (1961) hamda “Konsullik munosabatlari to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasi (1963) ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tiboriga havola etilmoqda. Bu esa davlat boshqaruvi, diplomatiya va xalqaro huquq yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar hamda amaliyotchi mutaxassislar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Shuningdek, kitobda diplomatik protokolning xalqaro standartlari, ishbilarmonlik etiketi, rasmiy uchrashuvlar va qabul marosimlarini tashkil etish, xalqaro muloqot madaniyati, noverbal kommunikatsiya hamda boshqaruv faoliyatida zarur bo‘lgan zamonaviy etiket qoidalari amaliy misollar asosida bayon etilgan.
Mualliflarning qayd etishicha, yaqin kunlarda kitobning “Smartbook” shakli “Play Market” va “App Store” kabi elektron platformalarga joylashtirilib, foydalanuvchilar qo‘llanmani bepul yuklab olishlari mumkin bo‘ladi.
O‘.Alimov, O‘zA