Namanganda go‘sht yetishtirish hajmi va sifati oshmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Namangan qo‘ychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan keng imkoniyatlar tufayli amalga oshdi.

Umumiy qiymati 35 million dollar bo‘lgan klaster tuman hududidan ajratilgan 10 gektar yer maydonida uch bosqichda yo‘lga qo‘yiladi.

Birinchi bosqichda xorijdan 15 ming bosh nasldor qo‘y olib kelinsa, ikkinchi bosqich yakunida chorva sonini yana 35 ming boshga ko‘paytirish reja qilingan. Yuqori mahsuldorlikka ega bo‘lgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali go‘sht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud. Loyihaning texnologik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, xorijdan olib kelingan 40-50 kilogramm vazndagi qo‘ylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu har bir bosh qo‘ydan 60-70 kilogrammgacha sof go‘sht olish demakdir.

Bu yerda 280 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilishi hamda 95 ta kambag‘al oila vakillarining bandligi ta’minlanishi mahalliy aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, majmua negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga mo‘ljallangan savdo nuqtalari barpo etiladi. Natijada yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi.

Prezidentimiz ushbu korxona tajribasi chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash va aholi bandligini oshirishda foydali ekanini qayd etib, uni ommalashtirishga topshiriq berdi.