Ijod va fidoyilik uyg‘unligi
FOTOREPORTAJ
Jamiyat hayotida ommaviy axborot vositalari vakillarining o‘rni muhim. Xalq hayotidagi voqea-hodisalarni xolis yoritish, inson taqdiri va hayot haqiqatini keng jamoatchilikka yetkazish jurnalistdan yuksak mas’uliyat va kasbiy mahorat talab etadi. Ana shunday ijodkorlardan biri — telejurnalist Zuhra Ramazonova.
Z. Ramazonova ko‘p yillardan buyon Buxoro viloyati teleradio sohasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. U tayyorlagan «Fayzli xonadon», «Diydor», «Mehr qolur», «Kamolot sari», «Assalom, Buxoro!», «Oltin halqa», «Do‘stlik rishtalari» kabi ko‘rsatuvlarda milliy qadriyatlar, inson taqdiri, mehr-oqibat va bag‘rikenglik g‘oyalari keng yoritilgan.
[gallery-30052]
Ijodkorning ko‘rsatuvlarida inson hayoti, milliy turmush tarzi va xalqona qadriyatlar o‘z ifodasini topgan. U qahramonlarining hayot yo‘li va ichki kechinmalarini ta’sirchan tasvirlar hamda samimiy muloqotlar orqali ochib berishga alohida e’tibor qaratadi.
Zuhra Ramazonova radio jurnalistikasida ham samarali mehnat qilib kelmoqda. Uning jonli radioeshittirishlari tinglovchilar e’tiborini qozongan. Kasbiy mahorati va ko‘p yillik mehnati e’tirof etilib, unga «Oliy toifali suxandon» maqomi berilgan.
Jurnalist yosh kadrlar tayyorlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Uning tashabbusi bilan viloyat teleradiokompaniyasi huzurida tashkil etilgan «Izdosh» badiiy havaskorlik to‘garagida bugun yuzdan ortiq iqtidorli yoshlar faoliyat yuritmoqda. To‘garak a’zolari jurnalistika va teleradio ijodkorligining amaliy jihatlarini bevosita ustozdan o‘rganmoqda.
Z. Ramazonova 2010-yilda «Yilning eng faol jurnalisti» tanlovi sovrindori bo‘lgan. 2018-yilda «Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli» sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, 2020-yilda «Mo‘’tabar ayol» unvoni bilan taqdirlangan.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida fidoyi jurnalistlarning mehnatini munosib e’tirof etish, ularning jamiyat taraqqiyoti va ma’naviy hayotimizdagi o‘rnini qadrlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA