Namanganda “Ayaks” futbol akademiyasi ish boshladi
Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi bayrami munosabati bilan Namangan shahrining Davlatobod tumanida “Navbahor” klubi qoshida “Ayaks” klubi bilan hamkorlikda tashkil etilgan futbol akademiyasi tantanali ravishda o‘z faoliyatini boshladi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida millionlar o‘yini – futbolning ommaviyligini oshirish, bu borada zarur infratuzilmani shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
E’tirof etish darkor, Namangan o‘zining boy futbol an’analari va iqtidorli futbolchilari bilan mamlakatimizda alohida o‘rin tutadi. Viloyatning bosh jamoasi – “Navbahor” bir bor mamlakat chempionligi va superkubok hamda uch bora kubokni qo‘lga kiritgan, milliy chempionatlarda muntazam o‘ynayotgan klublarning biri hisoblanadi.

Prezidentimizning 2025-yil sentabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqqa ko‘ra, o‘sib kelayotgan ёш avlodni xalqaro standartlar asosida tayyorlash maqsadida “Navbahor” professional klubiga qarashli oliy mahorat futbol maktabi uch yil muddatga Niderlandiyaning dunyoga mashhur “Ayaks” klubi futbol akademiyasi boshqaruviga berildi. Natijada, Namangan viloyati sport boshqarmasi hamda Yevropa Chempionlar ligasining uch karra g‘olibi, UEFA kubogi sohibi – Amsterdamning “Ayaks” futbol klubi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ma’lumot o‘rnida, 1900-yilda tashkil etilgan "Ayaks" dunyodagi eng mashhur akademiya hisoblanadi va o‘z tarbiyalanuvchilarini Yevropaning “TOP” klublariga o‘tkazish orqali har yili o‘rtacha 50-70 million yevro daromad topadi.

O‘zaro bitimga asosan, klublar o‘rtasida qo‘shma o‘smirlar futbol akademiyasi tashkil etilib, namanganlik yosh futbolchilar va murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha “Ayaks”ning boshqaruv modeli joriy etiladi.
Mazkur hamkorlik memorandumiga asosan, Yevropa futbol akademiyasining tajribali murabbiylari, “skaut” va metodistlaridan iborat mutaxassislar guruhi Namanganda faoliyat yuritmoqda. Ushbu kadrlar viloyatdagi futbol infratuzilmasi va shahar, tumanlarda yoshlar tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishdi.

Niderlandiyalik mutaxassislar boshchiligida olib borilgan seleksiya ishlari natijasida ko‘plab nomzodlar orasidan texnik tayyorgarligi, o‘yin tafakkuri, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati va jismoniy imkoniyatlari orqali alohida ajralib turgan yosh iqtidor egalari saralab olindi. Sinovdan o‘tgan yosh futbolchilar endilikda ko‘hna qit’alik mutaxassislar va malakali murabbiylar qo‘l ostida mashg‘ulotlarni boshlab, Yevropa futboli tajribasi asosida saboq oladi.
Akademiyaning ochilishi viloyat sport jamoatchiligi uchun chinakam bayramga aylandi. Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimligi, viloyat futbol assotsiatsiyasi, “Navbahor” jamoasi murabbiylari va yetakchi futbolchilari, futbol faxriylari jamuljam bo‘ldilar.

Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov yangi akademiya vodiy futbolida yangi iqtidorlarni kashf etish, ularni zamonaviy sport talablari asosida tarbiyalash va kelgusida O‘zbekiston futboli sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan munosib charm to‘p ustalarini yetishtirishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda, xususan Namanganda futbolga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotgani, ayniqsa, yaqinda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha XXXII jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida “Navbahor” klubi a’zolari O‘tkir Yusupov va Ruslanbek Jiyanov ham munosib qatnashganligi iftixor bilan tilga olindi.

Qayd etish joizki, davlatimiz rahbarining joriy yil iyun oyida viloyatga tashrifi chog‘ida 22 ming tomoshabinga mo‘ljallangan “Markaziy” stadion hamda “Ayaks” akademiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz yetakchisining ko‘rsatmalari asosida o‘yingoh maydoni jahon standartlari asosida yangilanib, klub uchun zamonaviy sharoitlar hozirlandi.
– Yurtingizga katta ishtiyoq va ulkan rejalar bilan kelganmiz. Namanganda futbol akademiyasining ochilishi biz uchun kelajakdagi yangi loyihalar sari qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi. Maqsadimiz iste’dodlarga o‘z orzulariga erishishlari uchun ko‘proq imkoniyatlar berish. Saralov jarayonlarida namanganlik ko‘plab iqtidor sohiblarini ko‘rganimizdan mamnunmiz, – deydi Niderlandining “Ayaks” klubi futbol akademiyasidan taklif qilingan murabbiy-mutaxassis Raymond Atteveld. – O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashganimizda uning mamlakati futboli, millat kelajagi uchun naqadar e’tiborli ekanligi yaqqol ko‘zga tashlandi. U bizning yurtingizda samarali faoliyat yuritishimiz uchun hukumat tomonidan qanday yordam kerakligi bilan qiziqdi. Mazkur muloqotdan keyin, ishlashimiz rivojlana boshladi, imkoniyatlar kengaydi, ko‘plab jarayonlar yaxshilandi. Zero, shaxsan Prezidentning qo‘llab-quvvatlovi faoliyatimiz samaradorligi uchun muhim ahamiyatga egadir. Qolaversa, Namanganda mahalliy aholining millionlar o‘yiniga bo‘lgan mehri va qiziqishi katta ekanligi ham hal qiluvchi omillardan sanaladi.

Xullas, “Navbahor” va “Ayaks futbol klublari hamkorligidagi yangi akademiyaning ochilishi bolalar va o‘smirlar futbolini qo‘llab-quvvatlash hamda yosh iqtidorli futbolchilarni kashf etishga xizmat qilishi shubhasiz. Zotan, bu maskandan dunyoning gigant klublarida o‘ynaydigan, jahon chempionatlarida o‘z mahoratini namoyon qilib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradigan ko‘plab futbolchilar yetishib chiqishiga ishonchimiz komil.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.