Humoyun Sultonov «Chellenjer» turnirida 1/8 finalga chiqdi
Xitoyning Chjanszyagan shahrida tennis bo‘yicha «Chellenjer» turkumiga kiruvchi “International Challenger-Zhangjiagang” turniri o‘tkazilmoqda. Musobaqada hamyurtimiz Humoyun Sultonov muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, saralash bahslaridan asosiy to‘rga chiqqan Humoyun Sultonov birinchi davrada mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sergey Fominga qarshi kortga chiqdi. 83 daqiqa davom etgan bahsda H.Sultonov 7:5, 6:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning 1/8 finaliga yo‘l oldi.
Endi Humoyun Sultonov nimchorak finalda avstraliyalik Enso Agiard bilan bahs olib boradi. Agiard ushbu musobaqaning birinchi davrasida yaponiyalik Xayato Matsuokani 6:3, 6:4 hisobida mag‘lub etgan edi.
Ma’lumot uchun, Humoyun Sultonov va Sergey Fomin bugunga qadar turli musobaqalar doirasida jami 4 marotaba to‘qnash kelgan. Hozirda ushbu uchrashuvlarda Humoyun 3:1 hisobida oldinda bormoqda. Ayni paytda H.Sultonov ATP reytingida 466-, S.Fomin esa 295-o‘rinni egallab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA